French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘ra Bobolov: “Shuni unutmangki, har bir qadalgan ko‘chatning so‘rovi qattiq bo‘ladi”
18:52 / 2021-11-09

Surxondaryo viloyatida daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” doirasida ko‘chat ekib, yashil maydonlar barpo etish uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, “Yashil makon” loyihasiga muvofiq voha bo‘yicha kuz faslida 6 million 500, bahor mavsumida 10 million tupdan ortiq ko‘chat ekiladi. Bugungacha qariyb 70 ming dona manzarali va mevali daraxt ko‘chati qadaldi.

Angor tumanida loyiha bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarni tez, sifatli bajarishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali tadbirda sektorlar rahbarlari, hududga yaqin tumanlar hokimlari, soha mutasaddilari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tumanda “Yashil makon” loyihasini sifatli tashkil etib, “dolzarb 40 kunlik”ni ahillik bilan o‘tkazish uchun umumfoydalanuvdagi yo‘l bo‘ylari va tegishli hududlarni ko‘kalamzorlashtirishning “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Unda mahallalardan o‘tuvchi yo‘lda ko‘chat ekiladigan yerlar, ko‘chat turlari va harajatlar summasi aniq hisob-kitob qilingan. Mutasaddilar belgilangan.

Tadbir ishtirokchilari “yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishi bilan yaqindan tanishib, o‘zaro tajriba almashdi.

Ko‘rgazmali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ishtirokchilarga davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan boshlangan “Yashil makon” loyihasining mazmun-mohiyati va xayrli bu tashabbusning Vatanimizni yashillikka burkash, tevarak-atrof musaffoligini ta’minlashdagi ahamiyati, hududlarda barpo etilayotgan “yashil maydon” va “jamoat park”lari haqida atroflicha ma’lumot berdi. “Dolzarb 40 kunlik”ni sifatli tashkil etib, zarur mablag‘ va mehnat evaziga qadalgan ko‘chatlarni uzluksiz parvarish qilish yuzasidan tavsiyalarini bildirdi.

­Bundan buyon ko‘chat o‘tqazish shunchaki nomigagina qo‘l uchida bo‘lmaydi,­dedi viloyat hokimi.­ Har bir niholning o‘z egasi bo‘ladi. U shu ko‘chatni kerak bo‘lsa, vaqtida sug‘orib, parvarishlaydi. Qurib qolmasligiga javob beradi. Kechirasizlar-u, biz ko‘chat ekayapmiz, yashil bog‘lar bunyod etayapmiz, deb ko‘p yillar o‘zimizni aldab kelgan ekanmiz. Ko‘chatni ekkanmiz-u, lekin uni parvarishlashga kelganda xafsala qilmaganmiz. Shuning uchun ham ko‘p ko‘chatlarimiz qurib qolgan. Endi bu hatoga chek qo‘yishimiz kerak. Shuni unutmangki, har bir qadalgan ko‘chatning so‘rovi qattiq bo‘ladi.

Viloyatda 66,7 gektar maydonda 30 ta “jamoat parki” va 75, 7 gektarda “yashil maydon”lar bunyod etilib, eman, yasin, safora, qayrag‘och, akatsiya,chilon jiyda, yapon tuti kabi o‘ndan ortiq turdagi daraxt ko‘chatlari ekiladi. Shunga muvofiq Angor tumanining Sharq guli mahallasi hududidagi 2,5 gektar, Kattaqum mahallasidagi 6 gektar maydonda “jamoat park”i, Dehqon birlashuv mahallasidagi 3 va Kattaqum mahallasidagi 9 gektar yerda “yashil maydon” tashkil etiladi.

Kattaqum mahallasidagi “yashil maydon”ga qarag‘ay archa, tuya archa, akatsiya, katalpa, safora singari 3 ming 970 tup daraxt ko‘chatini o‘tqazish rejalashtirilgan.

Viloyat hokimi mazkur hududda bo‘lib, bu yerda ko‘chat ekishga tayyorlangan maydonlarni ko‘zdan kechirdi. Ko‘chat o‘tqazishni boshlab berdi.

Shu kuni tumandagi barcha mahalla ko‘chalari, yo‘l bo‘ylari, muassasa, korxona va tashkilotlarda kuzgi ko‘chat o‘tqazish ommaviy boshlandi.

Kayran mahallasidagi 673 xonadonda 3 ming 780 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Oltita ko‘cha, 6 ta savdo do‘koni, bitta xususiy bog‘cha, ikkita maktab mavjud. Mahalla ahli bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, yoshlar ittifoqi faollari ko‘magida ko‘cha bo‘ylari, muassasalar va tomarqalariga mevali, manzarali daraxt ko‘chatlarini ekdi.

­Bu yil kuz va bo‘lg‘usi bahor faslida mahallamiz hududiga besh ming tupdan ortiq mevali hamda manzarali daraxt ekishni mo‘ljallayapmiz,­deydi mahalla raisi Bahodir Qulsoatov.­Bu ko‘chatlar mahallamizni yashil boylikka burkab, hududimiz musaffoligini ta’minlaydi. 

Tomarqa atrofiga ekiladigan mevali daraxtlar hosilga kirgach, ro‘zg‘orga qo‘shimcha baraka olib keladi. Keksa nuroniylarimiz barchaga yashil boyliklarning ana shu jihatlarini chuqur tushuntirmoqda.

Ko‘rgazmali tadbir doirasida tumanda 10 ming 607 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda 1 million tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan. Shu kungacha angorliklar yaxshi niyatlar bilan 20 mingga yaqin turli ko‘chat o‘tqazdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri