Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘ra Bobolov Novosibirskda surxondaryolik mehnat migrantlari bilan uchrashdi
16:32 / 2021-08-10

Avval xabar qilganimizdek, ayni paytda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov boshchiligidagi Termiz shahri va qator tumanlar hokimlari, tadbirkorlar, shifokorlardan iborat delegatsiya Rossiya davlatining Novosibirsk shahrida bo‘lib turibdi.

Viloyat hokimligining matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, bugun delegatsiya a’zolari Novosibirsk sanoat, savdo va tadbirkorlikni rivojlantirish vazirligida bo‘lib, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklarni o‘rgandi. “Mening biznesim” markazida tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan tanishdi. Bu yerda tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazib, ishbilarmonlik ko‘nikmasini mustahkamlash maqsadida o‘qitish uchun yetarli sharoit mavjud. Eksportyorlar loyihalariga alohida e’tibor qaratiladi.  

¬– Uchrashuvda mezbonlar Surxondaryo viloyatiga faqat meva-sabzavot yetishtirib, sotadigan hudud sifatida qaradi,¬ – deydi “Surxon sanoat qurilish” kompaniyasi o‘rinbosari B.Ro‘ziyev.¬ – Viloyat hokimi bu fikrni tinglagach, bizning korxonamiz misolida voha tadbirkorlari raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarayotgani va ularni eksport qilish imkoniyati borligini tushuntirib berdi. 

Shuningdek, O‘zbekistonda talab yuqori mahsulot tayyorlaydigan zamonaviy korxona barpo etsa, ishlab chiqaruvchisi bilan hamkorlikda moliyalashtirish imkoniyatiga ega ekanimizni aytdik. Tibbiyot yo‘nalishida bint, xalat haqida so‘z yuritildi. Bu mahsulotlarni o‘zimiz ham ishlab chiqaramiz. 

Biz Novosibirsk shahar savdo-sanoat palatasida ham bo‘lib, logistika, mahsulotlarni deklaratsiya qilish, buyoqchilar uchun ish qurollari, oziq-ovqat mashulotlari ishlab chiqaruvchilarga me’yoriy yoki mahsulot yaroqliligini tasdiqlovchi hujjat tayyorlab berish kabi yo‘nalishlardagi tadbirkorlar bilan uchrashdik. Kompaniyamiz tarkibidagi “Mashhura” tibbiyot markazining Meshalkina nomidagi milliy tibbiy ilmiy tekshirish markazi bilan o‘zaro hamkorlik qilishi bo‘yicha kelishuvga erishdik. Bu xususiy tibbiyot turizmini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

Shu kuni Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya tibbiy-amaliy ilmiy markazi Surxondaryo filiali bilan Meshalkina nomidagi milliy tibbiy ilmiy tekshirish markazi vohada kardioxirurgiyani rivojlantirish, murakkab jarrohlik amaliyotlarini hamkorlikda amalga oshirish, mutaxassislarni o‘qitish, o‘zaro tajriba almashish yuzasidan shartnoma imzoladi.

Safar doirasida viloyat rahbari O‘zbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida hududda mehnat qilayotgan 50 ga yaqin surxondaryolik bilan uchrashdi. 

Viloyat hokimi ularga mamlakatimizda yuz berayotgan olamshumul o‘zgarish va yangilanishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Yurtdoshlarimizning mehnat va yashash sharoitlari bilan qiziqib, muammo hamda takliflarini tingladi. 

Ularning aksariyati uy-joy, tomorqa bilan ta’minlash, viloyatga qaytib borgach, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashish, mahallalarda zamonaviy bolalar o‘yingohlari barpo etish kabi masalalarni o‘rtaga tashladi. Shu yerning o‘zida 12 ta murojaat hal etildi. Yechimi vaqt talab etadigan murojaatlar uchun muddat belgilanib, ijrosi qatiy nazoratga olindi.  

Surxondaryoliklarning Rossiya davlatiga safari davom etmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA