Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘ra Bobolov: “mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yoshlarsiz tasavvur eta olmaymiz”
15:57 / 2021-09-20

Termiz shahridagi San’at saroyi bog‘ida «Yoshlarning siyosiy bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish» shiori ostida aksiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir yoshlarga mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy sohani rivojlantirish borasida qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va o‘z salohiyatini namoyon etishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Aksiya doirasida tashkil etilgan «Hokim va yoshlar» uchrashuvida ishtirokchilar viloyat hokimi To‘ra Bobolov va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Shavkat Zayniddinovlar bilan uchrashdi.

– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni siz, yoshlarsiz tasavvur eta olmaymiz, – dedi viloyat hokimi. – Bundan buyon ham o‘z bilim va shijoatingiz bilan yangi O‘zbekistonni barpo etishda faollik ko‘rsatishlaringizga ishonaman. Bunga mamlakatimizda o‘tkazilayotgan «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» loyihasida 2 mingga yaqin yoshlarimiz qatnashgani va yuqori baholangan 103 nafarining g‘oyalari saralab olingani ham yaqqol misoldir. 

Bundan sanoqli yillar muqaddam ham Surxondaryo deganda barchaning ko‘z oldida agrar voha gavdalanar edi. Qisqa yillarda viloyatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, sanoatlashgan hududga aylanmoqda. Masalan, bundan besh yil oldin sanoat mahsulotlari 1,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 1,8 foizga yetdi. Ayniqsa, qurilish materiallari va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish jadal rivojlanmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasidir.

Yoshlar uchun o‘ziga xos bayramona ruxda boshlangan aksiyada #Kelajaging_uchun_ovoz_ber, #Saylov_Imkoniyat_va_masuliyat, #Men_saylash_huquqiga_egaman xeshteglari ostida ijtimoiy targ‘ibot aksiyasi yuzasidan foto burchak tashkil etildi. “Yoshsaylovchi.uz” elektron platformasi taqdimoti, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini rivojlantirishga qaratilgan yutuqli viktorinalar o‘tkazildi.

Joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida viloyatda 41 ming 200 nafar yigit-qiz ilk marta ovoz beradi. Ular uchun joylarda faol yoshlar «bir saylovchi – bir ovoz» tamoyili asosida targ‘ibot tadbirlari tashkil etmoqda.

– Men bu yil ilk marta saylovda qatnashib, eng munosib nomzod uchun ovoz beraman, – deydi Qiziriq tumanidagi 23-maktab o‘quvchisi Sanjar Norboyev.– Ushbu aksiyada qatnashib, saylov haqidagi bilimlarimni oshirishga muvaffaq bo‘ldim. Vatanimizda biz, yoshlar uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Ana shu imkoniyatlardan foydalanib, kelajakda viloyat hokimi bo‘lishni istayman. Hozir amalga oshirilayotgan islohotlar bizlarning ana shunday orzularimizni ro‘yobga chiqarishga qanot bo‘layotganidan har qancha faxrlansak arziydi.

Aksiya «Yoshlarning siyosiy bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish» aksiyasini amalga oshirish mexanizmi yuzasidan viloyat ishchi guruhi taqdimoti, «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» loyihasining taqdimoti, «O‘z kelajagimni o‘zim belgilayman, Sizchi?» shiori ostida insholar tanlovi, «Munozara» intellektual bellashuvi, yutuqli viktorina, yoshlarning huquqiy savodxonligini aniqlashga qaratilgan “Siz bilasizmi?” televizion o‘yini, “Saylov – 2021: kelajak xalq tanloviga bog‘liq!” mavzusidagi maqolalar tanlovining taqdimoti bilan davom etayotir.

Targ‘ibot ishlariga jalb etilgan yoshlar uchun ta’lim muassasalari, korxona, tashkilot va harbiy qismlarda namunaviy targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilyapti. Unda Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqining viloyat rahbarlari hamda viloyat, shahar, tuman hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etayotir.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA