Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘ra Bobolov: “Mahalla yetakchisi tashabbuskor va islohotchi bo‘lishi kerak”
18:07 / 2022-01-22

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Boysun tumanida mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan uchrashdi.

Prezidentimizning joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazilgan muloqotda viloyat sektorlari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi. 

Tog‘li tumandagi "Mustaqillik" mahallasida o‘tkazilgan uchrashuvda ishtirokchilar hududdagi yoshlar yetakchisi Marjona Oripovaning kunlik, haftalik, oylik ish rejasi taqdimoti bilan tanishdi. Kasb-hunar maktabida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun yo‘lga qo‘yilgan to‘garaklar faoliyati ko‘zdan kechirildi. 

"Mahalladagi yoshlar yetakchisi – yoshlar siyosatining islohotchisi" mavzuida bo‘lib o‘tgan muloqotda Prezidentimiz qarorining mazmun-mohiyati, yosh avlodga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilayotgan imkoniyat hamda imtiyozlar  haqida atroflicha fikr almashildi. Yettita yo‘nalishni qamrab olgan taraqqiyot strategiyasi asosida yoshlar siyosatini qo‘llab-quvvatlash, mahallalardagi yoshlar yetakchilari faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi. 

– bugungi yoshlarimiz o‘zining shijoati, tashabbuskorligi bilan     bizning davrimizdagi yigit-qizlardan tubdan farq qiladi, – dedi viloyat hokimi.

 – Chunki, u paytlarda yosh avlodga hozirgidek e’tibor ham, g‘amxo‘rlik ham yo‘q edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan endilikda yoshlarga barcha sharoit, imkoniyat yaratib berilmoqda. Albatta, bu katta ishonch. Bunday yuksak ishonchni oqlash uchun avvalo, har bir mahalla yetakchisi tashabbuskor va islohotchi bo‘lishi kerak. Shu ma’noda tengdoshlaringizning ko‘nglidan  joy topib, yuklatilgan o‘ta mas’uliyatli ishni sharaf bilan bajarishingizga ishonaman.  

Viloyatda 721 ta, Boysun tumanida 39 ta mahallada yoshlar yetakchisi faoliyat yuritmoqda. Yuzma-yuz muloqot chog‘ida mahallalarning yoshlar yetakchilari qator taklif va g‘oyalarni o‘rtaga tashladi.  

–Uchrashuvda "Zakovat" intellektual o‘yini doirasida "Viloyat hokimi kubogi" ni tashkil etish taklifini bildirdim, – deydi Boysun tumanidagi Shirinobod mahallasi yoshlar yetakchisi Shaxzod Xolmamatov. 

–Bu taklifim viloyat hokimi tomonidan qo‘llab quvvatlanib, mutasaddilarga tanlov nizomini ishlab chiqish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. Bu eng bilimli, zukko yoshlarimizni saralash, munosib rag‘batlantirish hamda boshqa o‘g‘il-qizlarni ham chuqur bilim olishga undashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu bellashuvda mahallamiz yoshlarining faol qatnashishi uchun barcha sharoit bor. Taklifimni viloyat hokimi qo‘llab-quvvatlaganidan behad mamnunman.  

Muloqotda mas’ul rahbarlarga mahallalardagi yoshlar yetakchilari faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA