Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat hokimi To‘ra Bobolov hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan aholiga murojaat qildi.
Halq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, viloyat tashkilot va korxonalar rahbarlari shuningdek, joylarda halq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatlari, barcha bo‘g‘indagi ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan sessiyada viloyat rahbari o‘tayotgan yilda ham “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”degan, ezgu g‘oya faoliyatining asosiy mezoni bo‘lganini ta’kidlab, bu borada olib borilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Vohada xalq bilan ochiq va samarali muloqot olib borish tizimining yo‘lga qo‘yilganligi fuqarolarning ko‘plab murojaat va muammolari qonuniy hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, joriy yil davomida bevosita viloyat hokimi 24 marta fuqarolar bilan sayyor qabul o‘tkazib, 2 ming 854 murojaatni tingladi. Shu kungacha ularning 2 ming 53 tasi yoki 72 foizi qanoatlantirildi. 801 tasiga tegishli tushuntirishlar berildi. 180 tasi ijro etilish arafasida turibdi. Shuningdek, fuqarolardan 42 ming 631 murojaat kelib tushdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32 foizga kamdir.
O‘tayotgan yilda vohaning olis va chekka hududlaridagi tog‘li qishloqlarda ham sayyor qabullar tashkil etilib, ularning muammolari o‘rganildi. Jumladan, Sariosiyo tumani markazidan 100 kilometr uzoqdagi tog‘li “Karsh” qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan qabul asosida qishloqqa olib boruvchi yo‘llar ta’mirlandi, yangi transformator qo‘yildi, aloqa antenasi o‘rnatildi. Eski maktabni ta’mirlab, sport zali qurish ishlari boshlandi. Lekin, viloyatning barcha hududlarida aholi murojaati bilan ishlash tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, deb bo‘lmaydi. Masalan, o‘tgan yilga nisbatan Denov tumanida aholi murojaatlari 1 ming 531 taga, Sherobod tumanida 1 ming 233 taga, Jarqo‘rg‘on tumanida 934 taga, Termiz shahrida 675 taga, Uzun tumanida 326 taga oshgan.
-Yer osti va yer usti boyliklariga juda boy vohada yashaymiz,-dedi T.Bobolov.- Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ularni o‘zlashtirish xalqimizning turmush darajasini oshiradi va odamlarning bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qiladi. Hududning iqtisodiy rivojlantirilishi avvalambor, viloyatda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlagan holda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bilan bog‘liq. Dunyoda jiddiy tashvish o‘yg‘otgan yakunlanayotgan yilda bu borada olib borgan ishlarimiz ham o‘z samarasini bermoqda. Bu yo‘lda bir yoqadan bosh chiqarib ishlasak, xalqimiz hayoti yanada obod,turmushi farovon bo‘ladi.
Takidlandiki, bu yil viloyatda 1,6 trillion so‘mga teng bo‘lgan 448 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan edi. Amalda qiymati 2,4 trillion so‘mga teng 733 ta loyiha ishga tushirilib, 6,4 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, sanoat sohasida 802 milliard so‘mlik 191 ta, qishloq xo‘jaligida 849 milliard so‘mlik 338 ta, xizmat ko‘rsatishda 753 milliard so‘mlik 204 ta loyiha foydalanishga topshirildi. Masalan, Oltinsoy tumanida qiymati 85 milliard so‘mlik 200 o‘rinli “Xo‘jaipok” zamonaviy sog‘lomlashtirish markazi, Boysun tumanida “Boysun Lano” masuliyati cheyelangan jamiyatining qiymati 10 milliard so‘mlik yiliga 17 ming tonna qo‘y junidan lanolin ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.
Joriy yilda viloyatda 7 ming 163 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Sohani rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan 3 trillion so‘mdan ziyod kredit mablag‘ berildi. Ushbu mablag‘ning 465 milliard so‘mi “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida, 47,7 milliard so‘mi “Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi” doirasida imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi.
Viloyatni har taraflama yuksaltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida yil yakunida yalpi hududiy mahsulot hajmi 25,7 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 102,8 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Sessiyada yalpi hududiy mahsulotda sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar hajmi, mahalliy byudjet daromadlari, aholi daromadlari, rejadan ortiqcha olingan mablag‘larning sarflanishi, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, xorijlik hamkorlar bilan aloqalar haqida yetarli ma’lumot berildi.
[gallery-512]
Vohaning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti chuqur tahlil qilingan murojaatda erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ruy-rost tilga olindi. Misol uchun, Jarqo‘rg‘on tumanida 14 ta korxona 139 milliard so‘mga, Sherobod tumanida 20 ta korxona 44 milliard so‘mga, Termiz shahrida 35 ta korxona 56 milliard so‘mlik, Sariosiyo tumanida 14 ta korxona 28 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlar o‘tgan yilga nisbatan kam ishlab chiqarilgani alohida qayd etildi.
Viloyatda me’yorga nisbatan 7 ming 518 ta xizmat ko‘rsatish shahobchasi yetishmaydi. Angor, Boysun, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Oltinsoy, Termiz, Uzun, Sherobod va Bandixon tumanlarida bironta kiyimlarni kimyoviy tozalash shaxobchasi Angor va Bandixon tumanida mehmonxona xizmati yo‘q.
Tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun 20 ta kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Shundan joriy yilda yangidan 9 ta kichik sanoat zonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, qiymati 150 milliard so‘mga teng 75 ta loyihaning 46 tasi ishga tushirildi.
Vohada 21 ta import o‘rnini bosuvchi maxsulot ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish natijasida 37 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.Sanoat mahsulotlarini import qilish ko‘rsatkichlari 2018 yilga nisbatan 137,9 million dollarga kamaydi.
Aholiga murojaatda hududning eksport salohiyati, qurilish va agrar sohada olib borilgan keng qamrovli ishlarga ham etibor qaratildi. Aholini elektr energiyasi, gaz, ichimli suv bilan taminlash,oziq-ovqat xavfsizligi borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar tahlil qilindi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin davrida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘rilgan izchil choralar,talim,tibbiyot va maktabgacha talim tizimida yuz bergan o‘zgarishlar, "Temir daftar","Ayollar va yoshlar daftar"lariga kirgan fuqarolar bilan ishlashning ahvoli va Yangi yildagi rejalari yuzasidan hisobot berildi.
Sessiyada viloyat hokimi yil davomida amalga oshirilgan islohotlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ro‘y-rost qayd etdi. Yangi yil uchun belgilab olingan "yo‘l xaritasi" va uning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi o‘rniga alohida to‘xtaldi. Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar ko‘rsatish, turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligiga etibor qaratildi. Vohaning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va barcha yo‘nalishlarida yuz bergan ulkan o‘zgarishlar, 2021 yilda amalga oshiriladigan yangilanishlar slaydlar orqali ham namoyish etildi.
Sessiya yakunida tashkil etilgan matbuot anjumanida viloyat hokimi jurnalistlar va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Tadbir doirasida viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hamda milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA