Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov sektorlar rahbarlari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Zoom dasturi orqali o‘tkazgan yig‘ilishda "Ayollar daftari"ga kiritilgan xotin-qizlarni ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish hamda nazoratini olib borish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama etdi.
Qayd etildiki, keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlab, jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. 15 oktyabr Qishloq ayollari kuni yurtimizda ham katta shodiyona sifatida nishonlanib, olis va chekka mahallalarda yashayotgan opa-singillarimizga ham chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘layotir. Shunga muvofiq Surxondaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida “Ayollar daftari”ning 3-bosqichiga kiritilgan 41 ming 222 nafar xotin-qizning 39 ming 785 nafari yoki 97 foiziga amaliy yordam ko‘rsatildi. 11 ming 226 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz xotin-qizning bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi. Ularning 431 nafari doimiy, 873 nafari vaqtincha ishga joylashtirildi. 656 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. 25 nafari "Ayollar daftari" jamg‘armasi hisobidan, 1 ming 147 nafariga boshqa jamg‘arma va manbalar hisobidan subsidiya va kredit mablag‘lari ajratilib, bandligi ta’minlandi. 105 nafar xotin-qizga sektor rahbari tavsiyasi bilan moddiy yordam, 181 nafariga tikuv mashinkasi, oziq-ovqat va boshqa qo‘shimcha yordam ko‘rsatildi. Tadbirkorlik qilish istagi bo‘lgan 2 ming 639 nafar xotin-qizga 30 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. 12 ming 647 nafar boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizga "Ayollar daftari" jamg‘armasi hisobidan 8 milliard 150 million so‘m bir martalik moddiy ko‘mak berilib, 241 nafarining uy-joylari ta’mirlanib, ularning munosib turmush kechirishi uchun barcha sharoit yaratildi.
Jamg‘arma hisobidan 7 ming 305 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj, I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizga 5 milliard 140 million so‘mlik bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilib, 115 nafarining uy-joylari ta’mirlandi.
Uy-joyga muhtoj 150 nafar ehtiyojmand xotin-qiz turar-joy bilan ta’minlanib, 140 nafarining ijara to‘lovlari to‘lab berildi. Buning uchun 9 milliard 228 million so‘m mablag‘ sarflandi. Qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan 5 ming 678 nafar ehtiyojmand xotin-qizga 5 milliard 678 million so‘mlik bir martalik moddiy ko‘mak, shuningdek, 241 nafarining tomorqasidan foydalanishi uchun amaliy yordam berildi.
Yig‘ilishda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hokim yordamchilarining ishsiz xotin-qizlarga “Onlayn platforma” orqali tavsiyanomalar berishi va subsidiya ajratilish holati tanqidiy ko‘rib chiqildi.
–Ayollar bandligini ta’minlashga e’tiborsiz mas’ullarni davlat ham, jamiyat ham kechirmaydi,– dedi viloyat hokimi.– Bilib qo‘ying, bu masalaning so‘rovi ham qattiq bo‘ladi. Nega hokim yordamchilarining tavsiyasiga ega ayrim ayollarga subsidiya berilmayapti? Hokim yordamchilarining bu boradagi faoliyatini samarali tashkil etish va mas’uliyatini oshirishga vakolatli shaxslar bunga siz ham javob berasiz.
Yig‘ilishda shuningdek, viloyatda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, elektr, suv, tabiiy gaz, chiqindi, shirkatlar to‘lovlarining undirilish ahvoli va boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri