Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor” g‘oyasi asosida bog‘ va tokzorlar qator oralaridan samarali foydalanishga qaratilgan mintaqaviy seminar o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘istonlik va xorazmlik agronomlar, mutaxassislar, fermerlar va bog‘dorchilik xo‘jaliklari egalari va eksportyorlar ishtirok etgan tadbir O‘zbekiston fermerlari kengashi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, mahalliy hokimliklar, boshqa hamkor boshqarma va tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Tadbirda Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishda muhim dasturilamal ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining to‘qsonbosti ekinlarini ekish bo‘yicha fermerlarga murojaati o‘qib eshittirildi.
Usta dehqonlar tilida “To‘qsonbosti” deb ataladigan bunday usul yaxshigina daromad manbai bo‘lish bilan birga, aholining ertangi sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish imkonini ham beradi. Natijada qish va bahor oylarida ham bozorlarimiz to‘kin-sochin, narx-navo barqaror bo‘ladi.
– Ushbu masalaga viloyatimizda ham alohida e’tibor qaratilib, aholining sog‘lom ovqatlanishi, xalqimiz dasturxoniga yil davomida har xil sabzavot mahsulotlarining yetishtirilishi va yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida ayni kunlarda viloyatimizning barcha tumanlarida “To‘qsonbosti” usulida sabzavot ekinlari, ya’ni piyoz, sarimsoq piyoz hamda ko‘katlarni ekish ishlari qizg‘in olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston fermerlari kengashi Xorazm viloyat bo‘limi rahbari Ro‘zimboy Qurbonov. – Jumladan, 2026 yil hosili uchun barcha toifa xo‘jaliklarida 12 ming 686 gektar to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilishi rejalashtirilgan. Joriy yilning avgust-sentyabr oylarida barcha toifa xo‘jaliklarida ekilishi rejalashtirilgan maydonlarga 5 ming 656 gektar piyoz va sarimsoq piyoz ekinlari ekilishi ta’minlandi. Shuningdek, noyabr-dekabr oylarida ekilishi lozim bo‘lgan 7 ming 30 gektar to‘qsonbosti sabzavot ekinlarining bugungi kunda 2 ming 755 gektar maydonlariga ekinlar ekildi. Shundan 2 ming 755 gektarni bog‘-tok qator oralariga ekilgan to‘qsonbosti ekinlari tashkil etadi.
[gallery-26390]
Tadbirda yig‘ilganlarga bog‘ qator oralarini to‘g‘ri boshqarish, ekinlarni joylashtirish va agrotexnik tadbirlarni samarali yo‘lga qo‘yish borasida tushunchalar berildi.
Mintaqaviy seminarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ekin turlarini joylashtirish masalalari, shuningdek, fermerlar, tomorqa yer egalari va eksportchi korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida amaliy takliflar va mulohazalar bildirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari