Toshkent viloyatida yilning to‘rt faslida ham sarxil meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda. Viloyatning deyarli har bir hududi iqlim sharoiti va mavjud imkoniyati asosida katta tajribaga ega. Kuzda ekilib, bir qor ko‘rgan sabzavot urug‘lari erta bahorgacha yetiladi. Ayni ilik uzildi paytlarida bu mahsulotlarning bozori chaqqon bo‘ladi, el dasturxoni to‘kin bo‘lishiga xizmat qiladi.
Gap To‘qsonbosti usuli orqali aholi, ayniqsa, yoshlar va ayollar katta daromad olayotgani va bandligi ta’minlanayotgani haqida bormoqda. Muhimi, ular sizu bizning oramizdagi oddiy insonlar. Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherali Narimbayevning ma’lumotiga ko‘ra, kelgusi yil bahor oylarida ichki bozorlarda narx-navoning barqarorligini ta’minlash, ertaki eksportbop sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport salohiyatini oshirish maqsadida viloyatda 9,6 ming gektar maydonga avgust-sentyabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlarini ekish rejalashtirilgan. Jumladan, fermer xo‘jaliklarida 2,3 ming gektar, dehqon xo‘jaliklarida 123 gektar va aholi tomorqalarida 7,1 ming gektar yerga mazkur mahsulotlar ekilgan.
Shuningdek, viloyatda 2023 yil hosili uchun jami 27 ming 492 gektar maydonda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekiladi. Bunda fermer va dehqon xo‘jaliklariga qarashli ochiq maydonlar, bog‘-tok oralari, aholi tomorqalarida sabzavot yetishtiriladi. Xo‘sh, yangi mavsumga hududlar kesimida eng ko‘p qaysi turdagi sabzavotlar ekilgan?
Tahlillarga ko‘ra, Toshkent tumanida 540 gektar yerga sabzi, Yangiyo‘l tumanida 1 ming 532 gektar yerga ko‘katlar, Bekobod tumanida 321 gektar yerga karam, Yuqori Chirchiq tumaniga 50 gektar yerga osh lavlagi va Qibray tumani – 71 gektar yerga sarimsoqpiyoz ekildi. Hududlar orasida Yangiyo‘l tumani deyarli har xil turdagi sabzavot ekinlarini to‘qsonbosti usulda yetishtiradi. Buning uchun hududda 2204 gektar yer ajratildi. 2023 yilda to‘qsonbosti mahsulotlarini eksportga chiqarishi borasida ham samarali ishlar qilinishi rejalashtirilmoqda. Xususan, Yangiyo‘l tumani 16 ming 709 tonna, Bo‘ka tumani 15 ming 869 tonna, Yuqori Chirchiq tumani 14 ming 421 tonna va O‘rta Chirchiq tumani 13 ming 895 tonna va Piskent tumani 12 ming 509 tonna sabzavot mahsulotlari xorij bozorlariga chiqarishni maqsad qilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022-2023 yil qish-bahor mavsumida Toshkent viloyati aholisining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish va narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida 31 ming tonna mahsulotlar zaxirasi yaratish rejalashtirilgan. Jumladan, 18,4 ming tonna kartoshka, 2,5 ming tonna piyoz, 6,8 ming tonna sabzi va 3,4 ming tonna guruch zaxirasi yaratiladi.
O‘rta Chirchiq tumani "Rovatak" mahallasida yashovchi 23 yoshli Jamshid Ergashev 2016 yili o‘z kuchi bilan 5 sotixli yer maydonida issiqxona tashkil etib, yaxshigina daromad topmoqda. bugungi kunda yosh tomorqachi issiqxonadan yiliga 4-5 martalab hosil olmoqda. Issiqxonada yil bo‘yi ko‘katlar, turp, karam, lavlagi, sarimsoq yetishtiriladi. bugungi kunda issiqxonada limon ko‘chatlari ham ekilgan.
– Yetishtirayotgan sabzavot mahsulotlarimizning bozori chaqqon bo‘lib, har bir hosildan o‘rtacha 6 million so‘mdan sof daromad olaman, – deydi J.Ergashev. – Yil sayin tomorqachilikdagi tajribam oshmoqda. O‘z mablag‘larim evaziga issiqxonada tomchilab sug‘orish uskunalarini o‘rnatdim. Bu orqali suvni tejash, ortiqcha vaqt va mehnat kamaydi. Ishimiz unumdorligi oshdi. Buning uchun hududimizda keng imkoniyatlar mavjud. Bu jarayonda mahallamizdagi yoshlar yetakchisi Izzat Oqilovning sa’y-harakatlari, bizga ko‘rsatayotgan amaliy maslahatlari qo‘l kelmoqda.
Tahlillarimga ko‘ra, 5 sotix joydan mavsumda 10-15 million so‘mgacha daromad qilish mumkin ekan. Yosh tadbirkor qulupnaychilikni tashkil qilish uchun imtiyozli kredit olishni maqsad qilgan. Bu bo‘yicha bir qator tashkilotlarga murojaat qilingan biroq ijobiy hal etilmagan.
Xulosa shuki, bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda to‘qsonbosti usulida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish muhim ahamiyatga ega. Bu ichki bozorda narx-navo barqarorligi ta’minlash barobarida aholi bandligini oshirish va daromadini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
A.Musayev,O‘zA.