Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Asaka tumanida 9 yoshli qizaloqning vahshiylarcha o‘ldirilgani va mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergov hamda sud jarayonlari haqida xabarlar, turlicha munosabatlar bayon etilgan fikrlar keng tarqalgan edi.
Mazkur holat bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan rasmiy bayonot berilib, unda Andijon viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yil 5 maydagi Asroraxon Xamdamovaga nisbatan chiqargan oqlov hukmiga Andijon viloyati prokurori tomonidan protest keltirilgani, Oliy sudning yakuniy to‘xtamidan keyingina jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha ravishda tegishli munosabat bildirilishi haqida ma’lum qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan joriy yil 25 noyabr kuni protest qanoatlantirildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, A.Xamdamova Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismi va boshqa moddalar bilan aybli deb topilib, unga nisbatan uzil kesil 12 yil 4 oy 24 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
N.Abduraimova, O‘zA