Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘qqiz oyda yoshlar jinoyatchiligi 16,6 foizga kamaydi
18:23 / 2025-11-12

Mamlakatimizda yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. 30 iyun — Yoshlar kuni deb e’lon qilindi. Turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan fidoyi yoshlarimizni rag‘batlantirib borish maqsadida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etildi.

Olib borilayotgan islohotlar natijasida, eng muhimi yoshlar orasida jinoyatchilik darajasi sezilarli kamayib, ularni ijtimoiy hayotga qaytarish bo‘yicha tizimli natijalarga erishilmoqda.

– Kelajak avlodning taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan yoshlar jinoyatchiligi hamisha dolzarb ahamiyat kasb etib keladi, – dedi  Yoshlar ishlari agentligi bo‘lim boshlig‘i Akmal Alimov. – Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yoshlar jinoyatchiligiga asosan nosog‘lom muhitda voyaga yetgan, ota-onalar nazoratisiz qolgan qatlam vakillari qo‘l urishadi. Ularning o‘z vaqtini besamar o‘tkazishi, qarovsizligi oxir-oqibat turli salbiy illatlar ta’siriga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Mamlakatimizda ushbu muammoning oldini olish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani natijasida yoshlar jinoyatchiligi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar yildan-yilga yaxshilanmoqda.  

Xususan, joriy yilda og‘ir toifadagi 52 mingga yaqin yosh huquq-tartibot va mudofaa organlariga biriktirilib, individual ishlash natijasida 32 ming nafardan ortig‘i sog‘lom hayot tarziga qaytarildi.

Mudofaa, ichki ishlar, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar, prokuratura va adliya tizimlari yoshlarni otaliqqa olib, ularning ijtimoiy hayotga moslashishiga yordam berdi.

Mas’ullar tashabbusi bilan 6 mingdan ortiq yosh probatsiya va profilaktika hisobidan chiqarildi. Minglab o‘quvchilar ta’limga qaytarildi va yuzlab yosh oilalar ajrimining oldi olindi.

Shuningdek, 651 nafar yosh giyohvandlik va yot g‘oyalardan qaytarilib, vatanparvarlik targ‘iboti orqali o‘z yo‘lini topishga yordam berildi.

“Ijtimoiy profilaktika” tizimi yo‘lga qo‘yilib, 150 mingga yaqin yosh yetakchilarga biriktirildi va ularning aksariyati bilan sog‘lomlashtirish choralari ko‘rildi. Natijada 2025 yilning 9 oyida yoshlar jinoyatchiligi 16,6 foizga kamayib, 4 ming 24 ta mahalla yoshlar jinoyatchiligidan xoli hududga aylandi.

Ushbu raqamlar yoshlarni jazolash emas, balki tushuntirish, qo‘llab-quvvatlash va imkoniyat yaratish orqali to‘g‘ri yo‘lga solish kerakligini ko‘rsatadi.

Yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olishda eng samarali yo‘l, bu hamkorlikda chora-tadbirlarni amalga oshirish va zamonaviy tajribalar asosida mustahkamlab borish.

Mamlakatimizda ham hamkorlik doirasida yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilayotgani, jinoyatning oqibatlari haqida tushuntiruv ishlari olib borilayotgani va eng muhimi, muammoli yoshlar aniqlanib, ularga zarur ijtimoiy yordam ko‘rsatilayotgani  tahsinga loyiq.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA