Prezident tashrifidan so‘ng...
Biz suhbatlashayotgan xotin-qizlar dunyodagi eng mashhur brendlar uchun kiyim tikayotganini yaxshi biladi. Ishining mas’uliyatini his qiladi. Chunki ularning qo‘lidan o‘tayotgan mahsulotlarning hammasi jahon bozoriga chiqmoqda.
Gap To‘raqo‘rg‘ondagi to‘qimachilik klasteri – “Bugatti”, “Pierre Cardin”, “Roy Robson”, “Baldessarini”, “Lavard”, “Jake’S”, “Engbers”, “Cinque”, “Walbusch” kabi jahon brendlari bilan hamkorlik qilayotgan “Iftixor kiyim sanoat” korxonasi haqida bormoqda.
[gallery-25420]
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu klasterning yangi ishga tushirilgan korxonasi faoliyati bilan tanishgan edi. Prezident tashrifidan so‘ng bu korxona faoliyati bilan kengroq tanishdik.
Hech mubolag‘asiz, Namangan to‘qimachilik sohasida mamlakatning yetakchi hududlaridan biri sanaladi. Bugun hududda 2 ming 500 ga yaqin katta-kichik to‘qimachilik korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular juda ko‘plab brendlar ostida mahsulot tayyorlab, yuz mingdan ortiq inson uchun kundalik daromad manbai yaratmoqda.
Viloyat sanoatining uchdan biri, eksportining esa yarmi shu sohaga to‘g‘ri kelayotgani tarmoq rivoji haqida tasavvurlarimizni yanada aniqlashtiradi.
To‘raqo‘rg‘on tumani hududidagi 141 gektardan ziyod maydonni egallagan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida yigirmaga yaqin yirik loyiha amalga oshirilmoqda. “Iftixor kiyim sanoat” klasterining ip-kalava ishlab chiqarish va tikuvchilik korxonasi ularning eng istiqbollilaridan biri hisoblanadi.
Korxona loyihasining umumiy qiymati 198 million dollar bo‘lib, mablag‘lar asosan qurilish ishlariga va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga yo‘naltirildi. Zamonaviy inshootlar barpo etildi, maxsus laboratoriya tashkil qilindi. Germaniya, Italiya, Turkiya va Polsha kabi to‘qimachilikda yetakchi mamlakatlardan keltirilgan energiya tejamkor uskunalar mahsulot sifatini ta’minlamoqda.
– Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi, tikuvchilar bilan suhbatlashdi, – deydi korxona boshqaruvchisi Aziz Sharifjonov. – Yana qanday ko‘mak kerak dedilar. Aslida bu tadbirkorlik sub’ekti shu darajaga davlatning qo‘llab-quvvatlashi, ishbilarmonlik muhiti zo‘rligi uchun erishdi. Oddiy tikuvchilik sexi sifatida ish boshlaganmiz. Bugun paxta yetishtirishdan tortib tayyor mahsulotni eksportga yo‘naltirishdek zanjir yaratildi. Shuni alohida ta’kidlashimiz kerak, bunday imkoniyatlarga ega korxonalar dunyoda sanoqli. Yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham davlatimiz rahbari mana shunday to‘qimachilik korxonalarining yirik brendlar bilan hamkorligi masalasiga alohida urg‘u bergan edi. O‘ndan ortiq jahon brendlari buyurtmalariga ko‘ra mahsulot tayyorlaymiz. Bizda tikilayotgan kiyim-kechaklar endi Yevropaga chiqmoqda. Bugungi globallashuv davrida tekstil sohasida ham kafolatli, doimiy bozor topish oson emas aslida. Bu dunyo tan olgan brendlar yurtimizdagi tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlarni, imkoniyatlarni tahlil qiladi. O‘rganishlar natijasiga qarab hamkorlik qiladi.
Bugungi kunda korxona nafaqat kiyim-kechak, balki “BMW”, “Mercedes-Benz”, “Rolls-Royce” kabi jahon avtomobil sanoati yetakchilari uchun o‘rindiqlar mato qoplamalarini ham ishlab chiqarmoqda. Bu ma’lumotlar mamlakatimiz to‘qimachiligida yangi bosqich boshlanganini anglatadi. Brendlar bilan bu kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish mahsulotning xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshiradi. Ishlab chiqaruvchining uzoq muddatli barqaror rivojlanishi uchun esa eng muhim omil hisoblanadi.
Demak, bu mahsulotga kafolatli bozor, katta valyuta tushumlari va yangi ish o‘rinlarini ta’minlaydi degani. Sifat bo‘yicha qat’iy talablar korxonani xalqaro standartlarga olib chiqadi.
Korxona to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 100 million dollarlik mahsulot ishlab chiqaradi. Bu orqali 3 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, davlat byudjetiga esa yiliga salmoqli soliq tushumlari qo‘shiladi. Bunday natijalar nafaqat iqtisodiyotni yuksaltiradi, balki aholining turmush darajasi va ijtimoiy barqarorlikka ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
– Bugun bu yerda ishlayotganimizdan hammamiz xursandmiz, – deydi tikuvchi Saodat Muhammadaliyeva, – Chunki ish sharoitlarimiz juda zo‘r. Eng zamonaviy tikuv mashinalari va uskunalarini ishlatamiz. Kelib-ketish va tushligimiz uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Olayotgan maoshimiz ham oz emas. Kimdir to‘y qilyapti, yana kimdir farzandining o‘qishiga pul beryapti. Xullas, yaxshi ishlarga xarajat qilyapmiz. Ro‘zg‘orimizga nafimiz tegayotganidan mamnunmiz. Endi tasavvur qiling, shu kayfiyat – shukronalik hissi qanchadan-qancha ro‘zg‘orlarga kirib boryapti.
Korxonada zamonaviy laboratoriya ham tashkil etilgan. Mahsulotlarni xalqaro standart darajasiga olib chiqish va nufuzli brendlar bilan hamkorlikni mustahkamlashda bunday tahlil markazlarining o‘rni katta.
Bu kabi loyihalar nafaqat minglab oilani, balki mamlakatning umumiy iqtisodiy salohiyatini oshirish uchun ham ulkan ahamiyatga ega.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri