“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi binosida mazkur o‘quv markazining ochilishi munosabati bilan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda ”O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zcharmsanoat” uyushmalari, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va GIZ ning “O‘zbekiston kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish va modernizatsiya qilish jarayonini qo‘llab-quvvatlash – TexVET” loyihasi ham aynan bu kabi ishlar ijrosi bilan bog‘liq.
– O‘quv markazini tashkil etishda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Germaniya xalqaro hamkorlik tashkilotining hissasi katta bo‘ldi, - dedi ”O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Mirmuhsin Sultonov. – Ushbu markaz faoliyati to‘qimachilik, tikuvchilik va charm sanoati sohasida kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan.
[gallery-13734]
– Germaniya Federativ Respublikasi O‘zbekistonning to‘qimachilik sohasini rivojlantirishda ishonchli hamkoridir, - dedi Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili, doktor Mixail Vimmer. – Darhaqiqat, ikki tomon o‘rtasida aloqalar mustahkamlanmoqda. O‘zbekistonda kasbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda. Bu proyektning komponentlaridan biri – bu to‘qimachilik, charm sanoat sohalarida ishchilarning malakasini oshirishga qaratilgan. Bundan tashqari, bu ishlarni olib borishda uyushmalar bilan hamkorlik qilamiz. GIZ ning “TexVET” loyihasi doirasidagi tadbirlar ham aynan shu yo‘nalishdadir.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA