Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘qimachilik tarmog‘i qo‘llab-quvvatlanmoqda
12:07 / 2025-09-08

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida “Global Textile” kompaniyasi tomonidan qiymati 15 million dollar bo‘lgan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. Loyihaning birinchi bosqichida 2,7 million dona trikotaj mahsulot ishlab chiqariladi. Yillik eksport miqdori 5 million dollarga teng. Uchko‘prik tumanidagi “Bahodirov Akbarjon” oilaviy korxona tashabbusi bilan mato bo‘yash va paypoq ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi. Qiymati 1,8 million dollar bo‘lgan loyiha mahalliy xomashyolardan bozorbop mahsulot ishlab chiqarish, kafolatli ish o‘rinlari yaratish imkoniyatini berdi. Bu o‘z o‘zidan amalga oshirilayotgani yo‘q, albatta.

Farg‘ona viloyatida paxtani birlamchi qayta ishlashdan tortib, tayyor va yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy loyihalar ko‘lami ko‘paydi. Ayni kunda viloyat  to‘qimachilik sanoatida 1 271 ta (25 ta yirik) korxona faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ularning 81 tasi kalava-ip, 65 tasida gazlama, 51 ta korxonada trikotaj, 129 tasida paypoq mahsulotlari, tikuv trikotaj yo‘nalishida 789 va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 156 ta korxonalar mavjud. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida to‘qimachilik mahsulotlarining sanoatdagi ulushi 28,5 foiz (o‘tgan yilga nisbatan 105,9%), ya’ni 7,6 trillion so‘mni tashkil etdi. O‘tgan davrda 109,8 ming tonna paxta tolasi qayta ishlanib, 97,8 ming tonna (shu jumladan, 7,1 ming tonna yoki 7,2% bo‘yalgan) kalava ip ishlab chiqarilib, mavjud quvvatlardan foydalanish darajasi 92 foizni tashkil etdi.

Keyingi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi to‘qimachilik tarmog‘ida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Bu paxta xomashyosidan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan zanjirni qamrab olish, zamonaviy ishlab chiqarish borasidagi loyiha va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan e’tiborning amaliy namunasi sifatida bo‘y ko‘rsatmoqda.

To‘qimachilik iqtisodiyotning “drayveriga” aylanib bormoqda. Dehqonchilikka ilm, zamonaviy texnika, texnologiyalar kirib keldi, manfaatdorlik oshdi, o‘zaro raqobat muhiti shakllandi.

– Joriy yilning 13 avgust kuni Prezidentimiz raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish, yangi imkoniyat va imtiyozlar berish yuzasidan bergan topshiriqlari bu borada yangi imkoniyat eshiklarini ochmoqda, - deydi Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov. – Mamlakatimizda yetishtirilayotgan paxta xomashyosi yuqori sifati, pishiqligi hamda zamonaviy to‘qimachilik sanoati talablariga to‘la javob berishi bilan jahonda mashhur. Bugungi kundagi ustuvor vazifalardan biri, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish bilan birga mahalliy xom-ashyolardan qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish. O‘tgan yilning o‘zida shu maqsadlarga xizmat qiladigan 462 ta istiqbolli loyiha amalga oshirildi. Eksportyor agroklaster hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan 315 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. Bu avvalgi yillarga qiyoslanganda 1,5 barobarga ko‘p.  Uch-to‘rt yil oldin paxtani ip-kalavaga aylantirish 100 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, ipdan keyingi bosqichi 5 foizdan oshmagan. Joriy yil yakuni bilan viloyatimizda mato ishlab chiqarish 127 foiz, bo‘yash 29 foizga va tayyor mahsulot tayyorlash 39 foizga yetadi. Yil yakuniga qadar, mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib, to‘qimachilik sanoatida qiymati 518 million dollarlik 187 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu oddiy raqamlar emas. Uning zamirida minglab ish o‘rinlari, logistika bilan bog‘liq bunyodkorlik  ishlari mujassam.

M.Sulaymonov, O‘zA