Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbari raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan fikrlar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, to‘qimachilik mamlakatimiz iqtisodiyoti hajmining 3 foizi, sanoatning 14 foizini tashkil qiladi. So‘nggi besh yilda tarmoqda 3,5 milliard dollarlik 396 ta yirik korxona ishga tushdi. Ishlab chiqarish 10 milliard dollarga yetdi. Sohada 500 mingdan ortiq odam mehnat qilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan to‘qimachilik sohasida faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlarning muammolarini yechish uchun to‘qimachilikda “Dolzarb yuz kunlik” e’lon qilinishi sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muhokamalarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash partiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etilib, sohada milliy mahsulotlar ishlab chiqarayotgan tarmoq vakillariga yengilliklar yaratilishi muhimligiga urg‘u berildi. Shuningdek, dunyo bozoridagi o‘zgaruvchan vaziyat, talab va narx pasayishi kuzatilayotgan bir paytda tarmoqni qo‘llab-quvvatlash dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sohadagi muammolarni hal etishga qaratilgan barcha taklif-tashabbuslar mazkur tarmoqni rivojlantirishga, mamlakatimizni “to‘qimachilik xabi”ga aylantirishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA