Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘qimachilik sohasi yangicha yondashuvlarni taqozo etadi
15:58 / 2025-08-20

Munosabat

Davlatimiz rahbari raisligida to‘qimachilik tarmog‘ini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qator muhim vazifalar belgilab berildi. 

Jumladan, sohada ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlari sekinlashishi kuzatilayotganligi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning taniqli brendlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy standartlarga o‘tkazish ishlari oqsayotgani alohida ta’kidlandi. 

Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlarida tolani qayta ishlash quvvatlari o‘zidagi xomashyoga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘pligi aytilib, sohada zudlik bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ko‘rsatildi. Ushbu muhim masalalarni samarali hal etish sohadagi malakali kadrlarga ulkan mas’uliyat yuklaydi. 

Shularni nazarda tutgan holda, Namangan davlat texnika universiteti jamoasi ham mas’uliyatni chuqur his etib ijobiy ishlarni tashkil etishga intilmoqda. Oliygohning to‘qimachilik sanoati injineringi fakultetida bugungi kunda 1 ming 200 dan ziyod talaba tahsil olib kelmoqda. Ularga 80 nafar professor-o‘qituvchi saboq bermoqda. 

Fakultet tomonidan ish beruvchi hamkor korxonalarda mutaxassislik kafedra filiallari tashkil etilgan. Jumladan, “Ideal-orzu”, “Fazman”, “Namangan to'qimachi”, “Toshbuloq teks”, “Barkas” mas’uliyati cheklangan jamiyatlar kabi hamkor korxonalarda ochilgan kafedra filiallarida ta’lim jarayonini “4+2” tartibida olib borish, malakaviy amaliyotlar va bitiruvchi kurs talabalari uchun ta’lim jarayoni to‘liq korxonalarda o‘tilishi yo‘lga qo‘yilgan. 

Ta’lim sifatini ta’minlash uchun zamonaviy o‘quv dasturlarini imitatsiya qila oladigan ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, interfaol shakllar, simulyatsion usullar hamda loyihaviy usul va vositalarni qo‘llash orqali “Ustoz-shogird” tizimi joriy etilgan. Fakultet qoshida to‘qimachilik texnoparki tashkil etilgan bo‘lib, ushbu texnoparkda 28 nomdagi 5,7 milliard so‘mlik eng zamonaviy xorij jihozlari, jumladan, to‘quv mashinalar va dastgohlar, printer va presslar o‘rnatilgan. 

Bu texnoparkda ishlab chiqarish ham tashkil etilgan bo‘lib, hamkor korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar asosida mahsulotlar tayyorlab berilmoqda. Jumladan, “Porloq Chust brendi” mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan tuzilgan shartnoma asosida korxonaga 18 million so‘mlik xizmat ko‘rsatildi. Shuningdek, universitetda to‘qimachilik sohasida ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanuvchi “Ilg‘or muhandislik maktabi” faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. 

Mazkur yo‘nalishda hamkor korxona “Barkas” korxonasida tashkil etilgan “Ilg‘or muhandislik maktabi” filialida tinglovchilar zamonaviy moddiy-texnik bazalarda amaliy tajribalarni muntazam shakllantirib boradi. Unda talabalar xomashyodan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlardagi ilg‘or texnologiyalarni korxona mutaxassislari va ustozlaridan o‘rganib, nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etish orqali o‘zlashtirib boradi. 

Bir so‘z bilan aytganda, universitet to‘qimachilik sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashda zamonaviy tendensiyalarni qamrab olish, ilg‘or muhandislik maktablari va texnoparklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini amalga oshirish orqali mamlakatimizda drayver yo‘nalishlardan biri bo‘lgan soha rivojiga munosib hissa qo‘shishni ustuvor maqsad sifatida belgilab olgan. 

Jamoliddin Ergashev, 

Namangan davlat texnika universiteti 

to‘qimachilik sanoati injineringi fakulteti dekani, 

texnika fanlari doktori, professor. 

O‘zA.