Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘qimachilik sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
17:18 / 2024-10-28

Tekstil va to‘qimachilik sohalari vodiy viloyatlarida sanoat tarmoqlarining “drayveri”, ya’ni o‘sish nuqtalaridan hisoblanadi. Shu boisdan ham davlatimiz rahbarining maxsus qarori bilan Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etilgani ham bejiz emas.

Mazkur oliygohda yaqinda bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ham to‘qimachilik sanoatida innovatsion texnologiyalar, ishlab chiqarishdagi muammolar tahlili hamda sohani rivojlantirish istiqbollari va moliyaviy barqarorlikni takomillashtirishga bag‘ishlandi. 

Mazkur tadbirda mamlakatimizning turli hududlaridan oliy ta’lim muassasalarining yetakchi olimlar, professor-o‘qituvchilar, ishlab chiqarish mutaxassislari, tadqiqotchilar hamda Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Pokiston, Xitoy Xalq Respublikasi singari bir qator xorijiy davlatlardan ekspertlar ishtirok etdi. Anjuman ishida to‘qimachilik va yengil sanoat sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlar, texnologik yechimlar va sohani yanada rivojlantirishga doir qiziqarli ma’ruzalar taqdim etildi. 

Namangan to‘qimachilik sanoati instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Qurbonali Xoliqov sanoatdagi innovatsiyalar, ayniqsa, tekstil va to‘qimachilikni jadal rivojlantirishning dolzarb ahamiyati haqida to‘xtalib, bu kabi amaliy anjumanlar sohaning o‘zgaruvchan sharoitlariga moslashuvchan yondashuvlarni shakllantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. 

Mazkur xalqaro anjuman doirasida to‘qimachilikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha sho‘’ba majlislari o‘tkazildi. Yalpi yig‘ilishlarda esa tabiiy tolalarni dastlabki ishlashda innovatsion texnologiyalar va mashina detallarini ishlab chiqarish muammolari, innovatsion texnologiyalardan foydalanish va mahsulot sifatini baholash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda loyihaviy va moliyaviy yondashuvlar kabi dolzarb masalalar xususida tadqiqot natijalari xususida so‘z yuritildi.

Shuningdek, Namangan to‘qimachilik sanoati instituti hamda boshqa yetakchi oliygohlar va ishlab chiqarish kompaniyalari vakillari, ilmiy tadqiqot institutlari va korxonalar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasida muhim fikrlar almashildi. 

Anjumanda, ishtirokchilar tomonidan tarmoq rivoji, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va texnologik innovatsiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishga doir ilmiy-amaliy takliflar ilgari surildi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.