Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘qimachilik sanoatidagi yosh mutaxassislar uchun yangi loyihalar
16:42 / 2023-07-04

Poytaxtimizda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan “O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimidagi islohotlar va modernizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasiga bag‘ishlangan to‘qimachilik bo‘yicha kasbiy standartlar asosida ishlab chiqilgan asosiy kasbiy ta’lim dasturlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, GIZ loyihasining tarkibiy qismlari o‘tgan yilning iyul oyida boshlangan bo‘lib, dastavval, birinchi komponent mutaxassislari tomonidan to‘qimachilik sanoatida mehnat bozorida talabgir bo‘lgan 6 ta kasb – tikuvchi, ip yigiruvchi, tikuvchilikda andozalar tayyorlovchi, elektron texnika asboblarini sozlovchi, to‘qimachilik korxonalari qurilmalari montajchisi, to‘qimachilik sohasida texnik-texnologlar uchun 3-4 malaka darajasi bo‘yicha professional standartlar ishlab chiqildi.  

Ishlab chiqilgan asosiy kasbiy ta’lim dasturlari mualliflari Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti dotsentlari va Pedagogik innovatsiyalar instituti metodistlaridir.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning ushbu komponentlari kasb-hunar ta’limi va ta’lim tizimini modernizatsiya qilish orqali to‘qimachilik sanoatini O‘zbekiston iqtisodiyotining eng dinamik tarmoqlaridan biriga aylantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Loyiha, shuningdek, to‘qimachilik sanoatida yosh mutaxassislarni o‘qitish va shu orqali ularni ish bilan ta’minlash, barqaror daromad olishiga hissa qo‘shadi.  

Qayd etilishicha, mamlakatimizda dual ta’lim va kadrlar tayyorlashga mo‘ljallangan kasbiy ta’lim dasturlari ilk bora taqdim etilmoqda.  

GOPA konsalting kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan loyihadan maqsad to‘qimachilik sanoatida professional standartlar yaratish, o‘quv dasturlarini ishlab chiqishdan iborat.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA