Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘qimachilik sanoati rivojlanmoqda
20:23 / 2024-02-01

Toshkent viloyatida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish, sohani modernizatsiya qilish borsida muhim ijobiy natijalarga erishilmoqda. Shuningdek, katta ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish hisobiga esa, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar ham olib borilmoqda.

Hududda 2023-2024 yillar to‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati 743,9 million dollar bo‘lgan 141 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. 2023 yilda 73,8 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 101,3 ming tonnani tashkil etishi rejalashtirilgan. Bunda tayyor gazlama ishlab chiqarish quvvati 66,3 million kvadrat metrga yetkaziladi. 

Reja bo‘yicha esa shu davr mobaynida maxsulotlar eksporti 495,0 million dollarni tashkil etadi. Investitsiya loiyhalari ishga tushrilishi natijasida yana 60 ming nafardan ziyod aholi bandligi ta’minlanishi belgilangan. 

Masalan, Quyi Chirchiq tumanidagi qiymati 14 million dollar bo‘lgan “Tashkent cotton textile” MCHJ tomonidan tez kunlarda yiliga 33,0 ming tonna ip kalava ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi. Buning natijasida 400 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, Chinoz tumanidagi 10,0 million dollar qiymatdagi “Pronto textil group” MCHJ tomonidan yiliga 3,1 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish loyihasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan va shuning evaziga 300 nafar ishsiz aholi bandligi ta’minlanadi. 

O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan “Demiks” korxonasi ham hududdagi eng yirik loyihalardan biri. Korxona ish boshqaruvchisi Akbar Abdurahimovning ta’kidlashicha, bu yerda kuniga 2 mingta mahsulot tayyorlanib, ichki bozorlarga chiqariladi. Kelgusida ish ko‘lamini yanada kengaytirib, viloyat bo‘ylab filiallar tashkil etish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan. 

– Sex ochilganidan beri shu yerda ishlayman, – deydi Fotima Hasanova. – Korxonada ishchilar uchun barcha sharoitlar bor. Ishga qatnash uchun transport yo‘lga qo‘yilgan, bir mahal issiq ovqat beriladi. Hozirda mahsulotlarga qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda ham talab katta. 

A.Musayev,O‘zA.