Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘qimachilik sanoati rivoji yo‘lida “OSOFT” loyihasi taqdim etildi
15:35 / 2023-04-14

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida “Raqamli to‘qimachilik: ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va ta’minot zanjiri kuzatuvchanligini ta’minlash” mavzusida seminar tashkil etildi.

Qayd etish kerakki, bugungi kunda barcha sohalar kabi to‘qimachilik tizimida raqamli transformatsiyaga o‘tish har jihatdan qulay, samarador va keng imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi. Ya’ni sohaning biznes jarayonlariga yangi texnologiyalarni joriy etish, unda raqamli texnologiyalaridan biznes faoliyatini o‘zgartirish va yaxshilash uchun ushbu tizim ayni davrda muhim hisoblanadi.

Shu sababli, uyushma tomonidan to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishning raqamli strategiyasi va raqamli transformatsiyani ta’minlaydigan va barqaror sirkulyar to‘qimachilik sanoati rivojlanishining yangi bosqichiga o‘tishini anglatuvchi uchta loyiha taqdim etilgani bunga yaqqol misoldir.

Ayni shu ishlar davomida o‘tkazilgan seminarda to‘qimachilik sanoatini yangi yo‘nalishda rivojlantirishga xizmat qiluvchi navbatdagi “Osoft” loyihasi taqdim etildi.

Turkiyaning “Osoft” kompaniyasi bosh direktori Rifat Oglakning ma’lum qilishicha,  ushbu loyiha ishonchli va tezkor dasturiy infratuzilma sifatida ishlab chiqarishdagi biznes jarayonlarni samarali boshqarishni ta’minlaydi. U resurslarni rejalashtirish, sotishni tashkil etish, byudjetlashtirish, buxgalteriya hisobi va elektron hisob-fakturalar kabi sohalarda samarali yechimdir.

– “Osoft” dasturiy ta’minoti amalga oshirilgan boshqaruv tizimlari yordamida paxtadan to yakuniy mahsulotgacha kuzatuvchanlik konsepsiyasini taqdim etadi. Shuningdek, moslashuvchan (ozod) tizim va rejalashtirish usuli yordamida kuzatuvchanlik uchun narxni pasaytirish va qo‘shimcha yukdan ozod qilish orqali korxonalarga afzalliklar taqdim etadi. Dastur  faqat to‘qimachilik sanoati uchun mo‘ljallangan bo‘lib, sichqonchani bir  bosish bilan ko‘ylak yoki shim ishlab chiqarish uchun asosiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan kerakli retseptni yaratadi. U matodan aksessuargacha bo‘lgan xarajatlarni hisoblab, ushbu mahsulot uchun qancha bo‘yalgan mato ishlab chiqarish va bo‘yalgan mato uchun qancha to‘quv yoki trikotaj kerak bo‘lishi haqida ma’lumot beradi, – dedi Rifat Oglak.

Seminar davomida jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish uchun to‘qimachilik sanoatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari ham muhokoma markazida bo‘ldi.

– Ushbu tadbirda to‘qimachilik sanoati uchun  raqamli transformatsiyaning asosiy afzalliklari haqida ham so‘z yuritildi, – dedi «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi axborot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqorova. – Raqamli  tranformatsiya – ishlab chiqarish sifati va tezligini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va biznes jarayonlarini boshqarishdir. bugungi seminarda taqdimoti o‘tkazilgan dastur butun ishlab chiqarish zanjirini kuzatish imkonini beradi. Bu mahsulotlarni brendlar va yirik riteylerlarga yetkazib berishda katta ahamiyatga ega. Uyushmamiz O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirmoqda. Bo‘lib o‘tgan seminar bu yo‘lda yana bir qadam bo‘ldi.  Ayni kunlarda uyushma “Osoft” kompaniyasi bilan birgalikda yetkazib beruvchilar va soha haqidagi ma’lumotlarni qidirishni soddalashtirish, murojaatlarni avtomatlashtirish uchun to‘qimachilik sanoatining ma’lumotlar bazasi va uyushma xizmatlarining mobil ilovasi ishlab chiqilmoqda.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA