Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘qimachilik sanoati – O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgan tarmog‘i
13:58 / 2022-06-13

O‘zbekistonda paxta va to‘qimachilik sanoati rivojlanib bormoqda. Sohadagi yutuqlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bevosita bog‘liqdir.

12 iyun – To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati xodimlari kuni munosabati bilan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Ommaviy va tashqi aloqalar departamenti boshlig‘i – axborot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqorova uyushma tomonidan olib borilayotgan ishlar va sohada erishilayotgan yutuqlar haqida gapirib berdi. 

–“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi 2017 yilda tashkil etilgan. 2018 yilda paxta xomashyosini ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha o‘zaro bog‘langan tarmoqlarning vertikal va gorizontal integratsiyalashuvi tamoyili asosida klaster modeli yaratildi. Hozirda to‘qimachilik sanoatining respublika yalpi ichki mahsulotiga qo‘shayotgan hissasi 8 foizdan ko‘proqni tashkil etadi. Besh yil avval esa bu ko‘rsatkich 4 foizdan oshmasdi. Uyushma o‘z faoliyati davomida sohaga 3 milliard dollardan ortiq xorijiy sarmoya jalb etishga ko‘maklashdi va 200 dan ortiq yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga hissa qo‘shdi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasini 100 foiz qayta ishlashni ta’minlash va 2021 yilda 3 milliard dollarlik eksport ko‘rsatkichiga erishish muhim yutuqlardandir. 

2021 yil yakuniga ko‘ra, paxta sohasida tolani qayta ishlash 2,5 barobar oshib, 100 foizga, ip-kalava ishlab chiqarish 2 barobarga, tayyor mahsulot ishlab chiqarish 3 barobarga, eksport hajmi 3 milliard dollarga yetdi. Fermerlarning qiziqishi ortib borayotgani, tadbirkorlarning klaster doirasidagi munosabatlari va natija uchun to‘liq mas’uliyat bilan ishlash paxtachilikning yangi samaradorlik cho‘qqilariga ko‘tarilishiga olib keldi. Paxta hosildorligi sezilarli darajada oshib bormoqda. 2021 yilda aksariyat klasterlarda har gektardan 35-40 sentnerdan hosil yig‘ib olindi, ba’zilarida esa bu ko‘rsatkich 60 sentnerga yetdi. Paxtachilik sohasida mehnat unumdorligini kamida ikki baravar oshirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, eksport hajmini 7 milliard dollarga yetkazish, qishloq hududlarida aholi bandligi va daromadlarini oshirish – asosiy rejalar qatoriga kiradi. 

Soha rivoji yo‘lida ko‘rilgan chora-tadbirlar ishlab chiqarish bazasini modernizatsiyalash va texnologik yangilash, to‘qimachilik korxonalari va klasterlari tomonidan paxtani chuqur qayta ishlash va xalqaro standartlarga muvofiq tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun eng yangi uskunalarni sotib olishga jiddiy investitsiyalarni jalb qilish imkonini berdi.  

Uyushma o‘zbek ishlab chiqaruvchilarini tashqi investorlar, kompaniyalar va importyorlar bilan bog‘lovchi uzviy qismga aylandi. Asta-sekin u o‘z faoliyat doirasini kengaytirdi. Endilikda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi nafaqat to‘qimachilik va tikuvchilik sohasida hamkorlikni rivojlantirish, balki korxona ishchi va xodimlari uchun seminar va treninglar o‘tkazish, ularning malakasini xorijda oshirish, korxonalarda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari uchun amaliyot o‘tash, tegishli asbob-uskunalar va laboratoriyalar bilan jihozlangan texnoparklar tashkil etish, eksport geografiyasini kengaytirish, korxonalar uchun standartlashtirish sertifikatlarini olish va qo‘pgina boshqa masalalar bilan ham shug‘ullanmoqda. 

Uyushma o‘z faoliyati orqali paxta boykotini bekor qilishga va avvalroq, 2020 yilda O‘zbekistonga GSP+, ya’ni Yevropa Ittifoqining “Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi plyus” benefitsiar-davlat maqomini berishga jiddiy hissa qo‘shdi. Bu esa Yevropa Ittifoqiga eksport hajmini sezilarli darajada oshirish va respublika tovarlarining tashqi bozorlarda raqobatbardoshligi o‘sishiga imkon berdi. 

To‘qimachilik sanoati keyingi yillarda O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining eng jadal rivojlanayotgan tarmog‘iga, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va mahsulot eksport qilish bo‘yicha yetakchiga aylandi. Mamlakatimiz  iqtisodiyotida yengil sanoatning o‘rni sezilarli darajada oshdi: uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 8,8 foizni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida 14,8 foizni, nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmida 44 foizdan ortiqni tashkil etdi. bugungi kunda soha korxonalarida 500 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda.

Respublikada ishlab chiqarilayotgan paxta tolasini 100 foiz qayta ishlash imkoni yaratildi. 

Eksport geografiyasi doimiy ravishda kengayib bormoqda. bugungi kunda o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari dunyoning deyarli barcha qit’alariga – 70 dan ortiq davlatga yetkazib berilmoqda. O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari o‘z mahsulotlarini MDH, Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Xitoy, AQSH, Kanada, Janubiy Amerika, Afrika, Janubiy-Sharqiy Osiyo va boshqalar bozorlariga jo‘natadi. 

12 iyun – To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati xodimlari kuni munosabati bilan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi jamoasi nomidan tarmoq korxonalarida xizmat qilayotgan yarim millionga yaqin fidokor to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklayman.  

O‘zA muxbiri  
Nasiba ZIYODULLAEVA 
yozib oldi