Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i A.Abdurahmonovning Farg‘ona va Andijon viloyatlariga tashrifi doirasida bir qator yirik to‘qimachilik korxonalari faoliyati o‘rganildi.
Tashrif davomida inspeksiya rahbari Farg‘ona viloyatidagi “Team Dress Ferghana” MCHJ hamda “Textile Group Andgold” MCHJ, shuningdek, Andijon viloyatidagi “FERUZBEK TEKS” MCHJ va “MPRINT-PRO” MCHJ korxonalarida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot sifati hamda texnik reglamentlarga rioya etilishi holatini ko‘zdan kechirdi.
O‘rganishlar jarayonida korxonalarda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarining eksport hajmi, import o‘rnini bosuvchi xom-ashyolardan foydalanish, ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish va mahsulot sifatiga e’tiborni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, korxona laboratoriyalarining imkoniyatlari hamda mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligi tahlil etildi.
“MPRINT-PRO” MCHJda Prezidentning 2025 yil 8 apreldagi PQ–136-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24 fevraldagi 109-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan “Qadoqlar va qadoqlarni yopish vositalari xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglament talablarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha takliflar berildi.
Shuningdek, mas’ul xodimlarga texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohalarida qabul qilingan yangi qonun va qarorlar mazmun-mohiyati hamda texnik reglamentlar talablari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Farg‘onadagi ayrim korxonalarda ishchilar farzandlari uchun yaratilgan ijtimoiy sharoitlar, jumladan, bolalar bog‘chalari faoliyati ham o‘rganildi.
Hamroz Bayanov, O‘zA