Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan “To‘palang suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyati suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi ikkinchi bosqichi doirasida toza ichimlik suvi Termiz shahriga yetib keldi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov va “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov “Shimoliy” guruhli suv ishlab chiqarish inshootida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. To‘palang suv omboridan quvurlar orqali keltirilgan obi-hayotning yirik sig‘imga ega suv saqlash rezervuariga quyilish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Yirik mega loyihada belgilangan bunyodkorlik ishlarini muddatida bajarish uchun bosh pudratchi “To’palang HPD Platinum” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari 1 milliard 913 million so‘mlikdan ortiq qurilish-montaj ishlarini bajardi. Termiz shahri aholisining toza ichimlik suviga ehtiyojini qoplash uchun Jarqo‘rg‘on tumanidagi markaziy suv inshootidan sig‘imi 10 ming m3 bo‘lgan rezervuar qurildi. 44,7 kilometr masofaga aylanasi 720, 530 va 426 millimetr o‘lchamli ichimlik suv tarmog‘i tortilib, voha markazidagi “Shimoliy” va “Manguzar” guruhli suv ishlab chiqarish inshootlariga ulandi. Termiz shahridagi 20 ta mahallada yashovchi 113 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti tubdan yaxshilandi.


Yirik loyihaning qurilish-montaj ishlari boshlanganidan buyon bunyodkorlar viloyat hududida 245,9 kilometr masofaga suv tarmoqlarini tortib, 8 ta ichimlik suv saqlash hovuzini barpo etdi. Uning birinchi bosqichida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlarining 35 ta mahallasida yashovchi qariyb 135 ming iste’molchi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘la boshladi.


Ikkinchi bosqichining dastlabki qismida Oltinsoy tumanidagi 16 ta mahallada istiqomat qiladigan 44 ming, va Bandixon tumanidagi 17 ta mahallada yashovchi 42 ming 400 dan ortiq aholining ichimlik suv ta’minoti tubdan yaxshilandi. To‘palang asosiy magistral tarmog‘idan 200 metr qo‘shimcha tarmoq tortilib, “Xo‘jaipok” magistral tarmog‘iga ulash orqali Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor va Muzrabot tumanlaridagi 69 ta mahalladagi 193 ming kishining ichimlik suv ta’minoti tubdan yaxshilandi.


Mega loyihani to‘liq foydalanishga topshirish uchun qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri