Bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Termiz tumani Yangiobod mahallasidagi “Termez National Carpets” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishib, shu yerda 6 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirdi.
Mazkur ishga tushirilgan korxonalar orasida yirik quvvatda ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi “To‘palang” GESi ham bor. “To‘palang” gidro elektr stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida uning umumiy quvvati 175 megavattga yetkazildi. Bu yiliga 467 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish imkonini beradi.
O‘zbekistonda elektr energiyasi tarmog‘i jadal rivojlanmoqda. Bu borada Surxondaryo viloyatida mavjud gidroenergetik salohiyatdan samarali foydalanish, yangi quvvatlarni ishga tushirish yo‘nalishida bosqichma-bosqich amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2023-2030 yillarda Surxondaryo viloyatida 81 ta loyiha asosida 601,4 MVt, yillik 2 038,2 million kilovatt soatga teng yangi quvvatlarning ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

“O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan birgina Surxondaryo viloyatida 6 ta loyiha asosida 184,1 MVt quvvat ishga tushiriladi. Shuningdek, istiqbolli loyihalar asosida keyingi yillarda To‘palang daryosining yuqori qismida jami 20 ta loyiha asosida umumiy quvvati 264 MVt bo‘lgan "Yuqori To‘palang" GESlari quriladi.
Ushbu jarayonda esa xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan mikro GESlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida jami 55 ta loyiha asosida quvvati 25,8 MVt bo‘lgan loyiha ishga tushiriladi. Shundan 2023 yilda 8 ta loyiha asosida jami quvvati 10,1 MVt bo‘lgan yangi quvvatlar ishga tushirilib, aholiga toza elektr energiyasi yetkazib beriladi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 582 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Shuningdek, 1 ming 560 yangi ish o‘rni yaratilib, 850 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
O‘zA