O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga
Yangi O‘zbekistonimning yangi tonglarini sevaman. Biz o‘zbeklar bir ishni qilsak, charchoq nima bilmay bajaramiz. Tong nafasidan barhamand bo‘lib Toshkentni aylanaman. Dastlab ko‘zim yo‘l usti metro bekatining qurilishini davom ettirayotganlarga tushadi. Men ularning mehnatini duolar qilib kuzataman. Mana davr qahramonlari. Metro quruvchilari har qanday iqlimda ham bir maromda ishlashayotganini ko‘rasiz. “Ey,topganlaringiz to‘ylarga buyursin” deyman ularga eshittirib. “Opa ilgarigi duongizni takrorlang, bolalarimizni duo qiling” dedilar ular. “Bolalaringiz katta - katta o‘qishlarda o‘qib, vazir bo‘lsinlar, qizlaringiz Suyuma G‘aniyevadek olimalar bo‘lsinlar” deyman. Ular xursand bo‘lishadi. Tilimga kelib qolgan duolardan o‘zim ham shodlanib ketaman. Ko‘nglimdan “Albatta, shunday halol odamlar topgan halol nonni yeyayotgan bolalar kelajakda vazir bo‘ladi, qizlari akademik bo‘ladi” degan xayol kechadi. Shahar bo‘ylab ketar ekanman, osuda mahallalarda sayroqi qushlarning ovozi eshitiladi. Dumog‘ingga bahoriy iliqlik, nahoriy tiniqlik uriladi. Masjidlar yonidan o‘tayotib, shukronalarim million martalab ko‘payadi.
Yangi O‘zbekistonning yangi masjidlari. Bir lahza o‘tmish manzaralari xotiramdan o‘tadi. Yillar davomida yopiq masjidlarning eshigiga osilib, zanglab ketgan qulflar, tikan bosgan yo‘laklar, ba’zi joylarda otxonaga aylantirilgan muqaddas qadamjolar, unitilgan ziyoratgohlar. Eh, qaysi birini so‘zlay: yoqib yuborilgan tabarruk qo‘lyozmalar, mutassil zulm ko‘rgan ulamolar, masxara qilingin, tahqirlangan e’tiqodlar, zax zindonlarda qirqilgan umrlar... Xotiramning olis manzillarida g‘amdan cho‘kayotgan nurli maskanlar.
Yangi O‘zbekistonning yangi masjidlari oldidan tunda o‘tib qolsangiz, oy yorug‘ida nurli va sirli e’tiqodning mangu mustahkam qal’asini ko‘rasiz. Olisdan qarab turaversangiz, turaversangiz tongda masjid yo‘llarida ochilgan gulu chechaklarning o‘ziyoq sizga duolar yo‘llaydi.
Har tongda bittadan masjidning hovlisida duo o‘qishni maqsad qilib qo‘ydim. Bu mening yuragimni kengaytiradi. Bu ulug‘ ne’mat bizga nasib etmish.
Muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida qayta qurilgan masjidlar, to‘liq ta’mirlanib diniy ma’naviyat va ma’rifatdan saboq beruvchi ilm maskanlari– O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi e’tiqodimizga mangu ma’rifat zarlarini sochg‘usidir.
Yurtimizda mavjud 2088 ta masjidda har tong o‘qilayotgan duolar mustajob bo‘lishi, shubhasizdir.
Bu muborak joylarda maqsad bitta: ahli sunna va jamoa mazhabi asosida pok aqiyda va musaffo islomga intilish, Qur’on va sunnatni o‘rgatib amal qilish, islomiy ma’rifat taratish, salafi solih – ulug‘ mujtahidlarga ergashish,bag‘rikenglik va birodarlik ruhini tarqatishdir.
Erta tongdan kishi ko‘zini quvontirib, ruhini shifolaydigan imoratlardan biri bu yurtimizdagi oliy ta’lim dargohlaridir. To‘rt yildirki, oliy ta’limda o‘rnatilgan shafoflik xalqimiz ko‘nglini tog‘dek ko‘tarmoqda. Yoshlarimiz ilm dovonlarini o‘z aqlu irodalari bilan zabt etayotganini ko‘rmoq naqadar zavqli. 2016 yilda maktab bitiruvchilarining bor- yo‘g‘i 9 foizi oliy o‘quv yurtlariga kirgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich bugungi kunda 3 barobar oshdi. Bu ko‘rsatgich bilan birga zamon talablariga javob beradigan mutaxassisliklarning yangi yo‘nalishlarida xorij universitetlari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotlarida berilgan bilimlar bilan yoshlar o‘zimizda va dunyoning boshqa mamlakatlarida yetuk kadrlar bo‘lib yuqori maosh olib ishlay oladi.
Qabul imtihonlarining shaffofligi yoshlarmizning xalq ta’limida o‘z bilimiga ishonch bilan o‘qishiga zamin yaratdi.
Uchinchi Renessans egalari intilayotgan bilim qal’alari naqadar muhtasham.
Bu tongda davlatimiz rahbarining 30 iyun – Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda yoshlarning orzulariga qanot bag‘ishlab “Bugun biz davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan holda, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida katta qadamlar tashlamoqdamiz” degan so‘zlari yodimga tushdi.
Tongda, ta’bir joiz bo‘lsa, yurtimiz ko‘chalariga birinchi bo‘lib chiqadigan va ilm o‘choqlariga yo‘l oladiganlar oliy ta’lim dargohlarida yoshlarga ta’lim beradigan olim va professorlardir.
Olim ta’lim dargohlaridagi ilmiy kengashlarda doktorlik ishini himoya qilayotgan ilm egalarining 42 foizi xotin- qizlar ekani men uchun quvonchlidir. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun yurtimizda 3 568 nafar olima ayol bor. Ularning 707 nafari fan doktori, 2 412 nafari fan nomzodi, 449 nafari PhD ilmiy darajasiga ega.
Turg‘unlik yillarida bir yilda bir marta bo‘ladigan ittifoq miqyosidagi yig‘ilishga yuboriladigan bitta paxtakor, sut sog‘uvchi, pillakor yoki makkajo‘xori yetishtiruvchi qora mehnat sohibalarining avlodi bo‘lgan o‘zbek olimalari endi yangi ilm cho‘qqilarini zabt etmoqda. 2020 yilda yakunlangan 1021 ilmiy loyihaning 204 tasiga olima ayollarimiz rahbarlik qilgan.
Olima ayollar orasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari bo‘lgan opa- singillarimiz bor. Ulardan biri filologiya fanlari nomzodi, bolalar shoiri Kavsar Turdiyeva. Hozir Toshkent pediatriya tibbiyot institutida kafedra mudiri bo‘lib faoliyat yuritayotgan Kavsarxonim “Varrak”, O‘ynayapman o‘ylayapman”, “Qush bo‘lib uchgan ona”, “ Raqamlar bo‘ylab sayohat” kabi 10 dan ortiq asarlar va bolalar uchun yozilgan multfilmlar ssenariysi muallifi.
“bugungi kun olima va shoira ijodkor ayollarimizga yaratilayotgan g‘amxo‘rliklar men adabiyotga kirib kelgan davrda bo‘lganda edi, hozir yonimda yuzlab ham olima, ham shoira bo‘lgan o‘zbek ayollari va ularning sanoqsiz shogirdlari bo‘lar edi. Biz ilmning, ijodning mashaqqatli yo‘lini bosib o‘tdik. 3 farzand tarbiyasi, uysizlik, ilmiy risolalarni chop etishdagi moddiy yetishmovchiliklarni, she’riy kitoblar 5 yillab nashriyotlarda navbat kutishi, albatta, olima ayoldan bardosh talab qilar edi”- deydi Kavsar opam. Hozir yosh ijodkorlarga Prezident tomonidan ko‘rsatilayotgan mehr nafaqat yoshlarga, ularning Kavsar Turdiyevadek ustozlariga ham ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda.
Toshkent tonglari. Toshkentning muqaddas yo‘llari. Bu yo‘llardan qachonlardir yuragidagi dardlari ko‘zlarila so‘zlab Oybek domla o‘tganlar.
Bu yo‘llardan Amir Temur haqida haqiqatni yozgani uchun tuhmat toshida ezilgan falsafamiz otasi– akademak Ibrohim Mo‘minov o‘tgan.
Bu yo‘llardan bag‘ridan dardlar sizib Abdulla Qahhor o‘tgan. Bu yo‘llardan yuragini yaralangan yo‘lbarslar – millat oydinlari: Cho‘lpon, Avloniy, Behbudiy, Munavvar Qori, Fitrat o‘tmish.
Bu yo‘llar Abdulla Qodiriyning so‘nggi boqishlarini ko‘rgan. Ha, bu yo‘llar tavofga loyiq. Bu shahar poyi bosh urishga loyiq.
Tong chog‘ida “Adiblar xiyoboni” da boldek shirin havodan nafas olar ekanman, kecha oqshom yosh shoirlarning “Xiyobon oqshomlari” mushoirasi o‘tgan joyga kelib qolibman. Turfa gullar iforini hidlab, kecha yoshlarning o‘qigan she’rlarini qayta eslab maftun bo‘ldim. Bu yoshlar juda iste’dodli yoshlar, baxtli yoshlardir. Yaratgan omadlarini bersin, deya duo qilar ekanman, atirgul shoxlardagi yangi g‘unchalarga ko‘zim tushadi. Oppoq tongda “Adiblar xiyoboni”dagi gullarning yaproqlarida istiqlolning yangi bitiklarini ko‘rayapman.
Zulfiya Mo‘minova,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,shoira