Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida “Sog‘lom hayot uchun – 5000 qadam” piyoda yurish marafoni o‘tkazildi.
Tumandagi tashkilot, korxona va idoralar xodimlari, sportchilar, nuroniylar va yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbir qatnashchilari erta tongdan Bo‘ston mahallasidagi xushhavo, ozoda ko‘cha bo‘ylab besh qadam masofani piyoda bosib o‘tdi.

– Tongda sayr qilish tanani toblaydi, insonni tetiklashtiradi, – deydi Qoratepa mahallasilik mehnat faxriysi Ibrohim bobo Obilov. – Keksalik gashtini surayotgan bo‘lsakda hali bardammiz. Bu tetiklikning bir sababi mamlakatimizda qariyalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, to‘kin va osuda hayot bo‘lsa, ertalabdan toza havoda erkin harakat qilishimiz, piyoda yurishimiz ham sog‘lom turmush kechirishimizda muhim o‘rin tutmoqda.

Tajribadan yaxshi bilamizki, ayniqsa, erta tongdan ko‘pchilik bo‘lib, sayr qilish insonning bahri-dilini ochadi. Qalblarga quvonch, tanaga tetiklik ulashadi.


Sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilingan marafonda ishtirokchilarga erta tongda sayr qilishning salomatlik uchun foydalari, jismoniy faollikning afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot ham berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA