O‘zbekiston davlat drama teatrida yosh dramaturg Go‘zaloy Matyoqubova asari asosida sahnalashtirilgan “Hukm”(“Adolat”) nomli spektaklning premerasi bo‘lib o‘tdi.
Dunyoda barcha kasblarning o‘z zalvori, mas’uliyati bor. Lekin haqiqat uchun kurashayotgan sudya ayolning o‘z kasbiga sadoqati, qonun ustuvorligi yo‘lida qanday murakkab va sinovli yo‘llarni bosib o‘tayotganini doim ham bilavermaymiz.
Ushbu sahna asarida kechadigan voqealar mustaqil hokimiyat, deb e’tirof etiladigan sud tizimi, sudyalar faoliyati va sudlov jarayonlarini qamrab oladi.
Voqea tadbirkorlik sohasi egalari tinchgina faoliyat yuritib kelayotgan “Gulshan” mehmonxonasiga o‘zini dunyoning ustuni deb bilguvchi, hayot mazmunini faqat moddiy boyliklardan iborat deb o‘ylovchi kimsalarning ko‘z olaytirishidan boshlanadi. Sudga sudlanuvchilarning ayblov jildlari yig‘ilgan “delo”lar keladi.
Ishni ko‘rib chiqishi kerak bo‘lgan sudya ayol sudlanuvchilar nohaq ayblanayotganini bilib, har bir sudlanuvchining ayblov tarixini puxta o‘rganadi. Afsuski, barcha sohalarda bo‘lgani kabi bu sohada ham o‘ziga mos va xos bo‘lgan xatoliklar yuz berishi sababli aybi bo‘lmagan insonlar jinoyatchi, deb e’tirof etilishi kerak edi. Biroq sudya bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ayblanuvchilarning qamalib ketishidan maanfaatdor bo‘lgan to‘dalarga ayol sudyaning bir o‘zi qarshi turadi.
Sahna asari jamiyatimizda yuz berishi mumkin bo‘lgan jiddiy illatlarni ro‘yi-rost ko‘rsatadi. Dunyoning ustuni adolat ekani, haqiqatsiz jamiyat tubanlikka yuz tutishi haqida ogohlantiradi. Insonlarda o‘z hayotini xavfga qo‘yib bo‘lsa ham adolatni tiklashga, ezgulikka xizmat qilishga rag‘bat uyg‘otadi.
Yangi spektakl tomoshabin, ayniqsa, yoshlar qalbida “adolat” degan ezgu tushunchaning olovini yoqishga, tazyiqlardan qo‘rqmay oldinga intilishga, yuksak marralarni dadil zabt etishga chorlaydi. Haqiqat yo‘lida oilasi, farzandlari, o‘z hayotini tahdidga qo‘ygan sudya ayol – baribir qonun ustuvorligi yo‘lida ming azob va mashaqqatlar bilan g‘olib bo‘ladi.
Tomoshabinlar goh ko‘z yoshi, goh hayajon va eng asosiysi, qarsaklar bilan kutib olgan ushbu yangi sahna asari real voqelikka, o‘z ishiga vijdonan, halol va fidokorona yondashgan sudya ayolning boshidan kechirganlariga asoslanishi bilan diqqatga sazovordir.
Ortiqcha va keraksiz sahna ko‘rinishlari, zerikarli monologlardan holi ekani, qonun ustuvorligining himoyasidek bugungi kundagi eng dolzarb mavzu sahnaga olib chiqilgani, barcha jarayonlar aniq, lo‘nda, ravon va ixcham tafsilotlar asosiga qurilgani yangi spektaklning eng asosiy yutuqli jihatlaridir.
Ustoz rejissyor, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Olimjon Salimovning sahnalashtirish bo‘yicha badiiy rahbar bo‘lgani mazkur spektaklning badiiy pishiq-puxtaligini ta’minlagan desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Yaxshi jurnalist, shoira va yozuvchi sifatida ijod qilayotgan Go‘zaloy Matyoqubova o‘zini mohir dramaturg sifatida ham namoyon etgani uning o‘z ustida tinimsiz ishlayotgani, izlanayotgani, yangi yo‘nalishlarda salohiyatini, iste’dodi va mahoratini to‘laqonli namoyon etayotganidan darak beradi.
Spektaklni sahnalashtiruvchi rejissyor – Bahodir Mirmaqsudov, sahnalashtiruvchi rassom – Laziz Yodgorov, liboslar bo‘yicha rassom – Rayhon Yo‘ldosheva. Sahna asari uchun musiqalarni Yunusjon Asqarov tanlagan. Rejissyor yordamchisi – Mehribonim Yusupova.
Spektaklda rollarni T.Mirmaqsudova, F.Meliboyeva, G.Hakimova, Z.Sattorov, A.Hazratqulov, K.Ziyodullayev, P.Normatov, Sh.So‘fiyev, I.Berdiyev, S.Xurramov, N.Asomova, A.Omonto‘rayev, A.Nodirboyev, S.Ozodov va boshqa aktyorlar ijro etgan.
Yangi sahna asari tomoshabinlar tomonidan hayajon bilan kutib olindi.
N.Usmonova, O‘zA