Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqasidan samarali foydalangan oilaning koʻplab muammolari bartaraf boʻladi
18:51 / 2020-04-23

Bugun dunyoda global muammolar rivojlanish surʼatlariga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda.


Bugun dunyoda global muammolar rivojlanish surʼatlariga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Bu ham bir imtihon aslida. Qaysi davlat ushbu sinovli kunlardan aql bilan ish tutib, xalqini bir maqsad sari birlashtirsa, albatta, gʻalaba qiladi.

Koronavirus infeksiyasi butun dunyoni oyoqqa turgʻazib, farovon hayotni izdan chiqarmoqda. Agar oʻz vaqtida kerakli choralar koʻrilmasa, uning zarari juda katta boʻladi. Bundan faqat hamjihatlik bilan chiqish kerak. Ishonchimiz komilki, ana shunday hamjihatlik boʻlsa, tez orada bu pandemiyani ham ortda qoldiramiz. Hayot yana oʻz maromiga tushadi.

Mamlakatimizda yurtboshimiz tashabbusi bilan barcha choralar risoladagidek olib borilmoqda. Xususan, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat koʻrsatishining barqarorligini taʼminlash borasida bir tegishli farmon va qarorlari qabul qilindi. Birinchi navbatda aholi bandligi va daromadini taʼminlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlash masalasi ustuvor etib belgilandi. Bunda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash juda muhim. Bu borada qishloq xoʻjaligi sohasida meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini oshirish vazifasi muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, tomorqa madaniyatini shakllantirish orqali ushbu sinovlarni yengishimiz mumkin.

Yurtimizda 4,5 million xonadonda 432 ming gektar tomorqalar mavjud. Agar ushbu maydonlarga poliz mahsuloti ekilishini qattiq nazoratga olsak, odamlarning tafakkurida tomorqachilik madaniyatini shakllantirsak bozorlarimizda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga barham beriladi.

Men saylangan Boʻstonliq va Yuqorichirchiq tumanlarida dehqonchilik madaniyati rivojlangan hududlardan sanaladi. Aholi bilan onlayn muloqotga kirishib, ularning muammolarini masofadan turib yechim topishga harakat qilyapman. Bu biz uchun ham bir tajriba. Karantinda onlayn ishni tashkil qilish koʻnikmalarini ham oshirib boryapman. Ayni damlarda hududimda dehqonu-fermerlar dala yumushlari bilan band. Aholining tomorqadan foydalanish borasida ijobiy ishlar amalga oshirilayotganining guvohiman. Masalan, 167 199 aholi istiqomat qiladigan Boʻstonliq tumanida 40 190 xonadon egalari tomorqachilik hadisini olgan. Choʻp suqsa koʻkaradigan unumdor yerlari bor. Xususan, tumanda 612 ta dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari boʻlib, jami ekin yer maydoni 172 gektarni tashkil etadi.

Tumanning togʻli hududligini hisobga olinib, asosiy qismida bogʻdorchilik tizimi tashkil qilingan. 20 gektar maydonlarda oʻtgan yilining avgust-sentyabr oylarida sarimsoqpiyoz, piyoz va toʻqsonbosti ekinlar ekilib, daraxtlar orasidagi maydonga bahorgi ekinlar, jumladan sabzavot, kartoshka, dukkakliva boshqa ekinlar ekilgan.

Tumanda 440 kambagʻal oila bor. Aslida ularda iqtisodiy faol qatlam safiga kirish imkoniyatlari juda keng. Mahallalardagi kambagʻal oilalarning 4-5 sotix tomorqasi bor. Ushbu tomorqalardan bir mavsumning oʻzida ikki marta hosil olish mumkin. Kundalik ehtiyoji uchun kartoshka, piyoz, sabzi, sholgʻom singari mahsulotlarini eksa oʻzini birovdan kam his qilmaydi.

Ishsizman, kambagʻalman degan insonlarning psixologiyasini, yaʼni fikrlashini ham oʻzgartirishimiz kerak. Shundagina ularning hayotida ham oʻzgarish boʻladi. Albatta, mehnatsiz biror narsaga erishib boʻlmaydi. Ehtiyojmand fuqarolarimizning tafakkurida mehnatsiz farovon hayotni taʼminlab boʻlmasligini tushuntirishimiz lozim.

Okrugimda 328 nafar ishsiz oila aʼzolari bor. Ammo uyiga borib sharoitini oʻrgansangiz, chorva, parrandachilik qilish, tomorqasidan foydalanish imkoniyatlari bor. Shuncha imkoniyatga ega boʻlib, qanday oʻzini ishsizman, kambagʻalman deyish mumkin.

Suhbat chogʻida goʻyoki, odamlarning tadbirkorlik bilan shugʻullanish ishtiyoqi bor, ammo, ularda qoʻrquv borligiga guvoh boʻlaman. Uchrashuvlarimdan birida, nochor oila vakillaridan biriga hovlingiz 7 sotix ekan, imtiyozli kredit olib bersam, issiqxona ochasizmi dedim. Hech ikkilanmay yoʻq dedi. Sababini soʻrasam, mahalladan nafaqa puli toʻxtaladi deydi. Muammoning bir uchini ilgʻaganday boʻlib, Xitoy faylasufi, daosizm taʼlimoti asoschisi Lao Szening hikmatli soʻzi yodimga tushadi: “Och qolgan insonga baliq bersang, uning bir kunlik qornini toʻydirasan. Agar unga qarmoq berib, baliq ovlashga oʻrgatsang, uni bir umr ochlikdan qutqarasan”.

Ularni qanday qilib iqtisodiy faol qatlamga kiritish mumkin. Ochigʻi, bu borada fikrlar va takliflar turfa. Ammo kambagʻallikni shunchaki ajratilayotgan nafaqalarni koʻpaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash, tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan kredit mablagʻlarining miqdorini koʻpaytirish orqali kamaytirib boʻlmasligini oʻtgan yillar tajribasi yaqqol koʻrsatib turibdi.

“Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, tomorqani rivojlantirish kabi dasturlar orqali koʻplab kredit mablagʻlari berildi. Ammo natija sezilmayotganday. Prezidentimiz qayd etganidek, kambagʻallikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini koʻpaytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga oʻqitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uygʻotish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini oʻqitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa toʻlash tizimini joriy qilish kerak.

Oilaviy tadbirkorlikni ochaman deb, mukammal loyihalarni taqdim qilib, boshqa maqsadlarga sarf etayotganlar ham bor. Boisi, bilimi yoʻq, olgan mablagʻni maqsadli sarflashga kasbiy koʻnikma yetishmaydi.

Kambagʻallikni kamaytirish uchun aholida tadbirkorlik ruhini ­uygʻotish kerak. Agar aholi tadbirkorlikni oʻz uyidan yaʼni, tomorqasiga poliz mahsulotlari yetishtirish, chorvachilik, parrandachilikni rivojlantirishdan boshlasa oʻylaymanki, diyorimizda qoʻlga qarab qolgan birorta kambagʻal boʻlmaydi. Aholidagi tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarsak, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy, ijtimoiy siyosatni amalga oshirishga erishamiz.

Qizilgul QOSIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
deputati, Fuqarolarning sogʻligʻini
saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi