Tomorqasi bor odam aslo kambagʻal emas
Tomorqa aslida oila daromadini oshiruvchi xazina. Kimningdir 5-6 sotix tomorqasi boʻlsa, demak, u aslo kambagʻal emas.
Tomorqa aslida oila daromadini oshiruvchi xazina. Kimningdir 5-6 sotix tomorqasi boʻlsa, demak, u aslo kambagʻal emas.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumani “Uyshin” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi aka-uka Nuraddin va Omonboy Jalolovlarning fikri shunday. Ular oʻz tomorqasida gulchilik bilan shugʻullanishadi. Bundan 4 yil oldin oʻz tomorqasining bir qismida gulchilik xoʻjaligini yurita boshlagan Nuraddin Jalolovning issiqxonasida bugun 8 ming tupga yaqin rang-barang, ifori ham bir-birini takrorlamaydigan gullar parvarishlanadi. Oila gulchilikning oʻzidan yiliga 15-20 million soʻm daromad oladi.
Darvoqe, Nuraddin gulchilikni ukasi Omonboydan oʻrgangan. Eʼtibor qilsa, ukasi uyidan chiqmay, oʻz tomorqasida butun oilasini, farzandlarini ish bilan taʼminlab, yaxshigina daromad topayotir. Omonboy akasiga gulchilik sirlarini oʻrgatdi. Aka ukadan oʻrganib, gulchi boʻldi.
Omonboyning tomorqasida 15 ming tupdan ziyod gullar oʻstirilmoqda. Shafran, petuniya, salviya, bonanza kabi gul navlari juda xaridorgir boʻlganligi sababli ularni koʻproq yetishtirishadi.