Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, ko‘chat va urug‘larni yetkazib berish bo‘yicha Toshkent viloyatida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2025 yildan boshlab joylardagi 118 mingdan ziyod aholi xonadonlarining tomorqa yerlarida limon va uzum ko‘chatlari ekish ishlari ommalashtiriladi. Bu jarayonda Tomorqa xizmat korxonalari, fermer xo‘jaliklari va boshqa tadbirkorlik sub’ektlari aholiga ko‘maklashadi. Reja bo‘yicha mazkur yo‘nalish uchun Bo‘ka, Parkent, Ohangaron, Bekobod, Piskent, Toshkent, Yangiyo‘l, O‘rta Chirchiq, Bo‘stonliq va Qibray tumanlari tanlab olingan.

Masalan, O‘rta Chirchiq tumani “Yuqori ovul” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 76 yoshli otaxon Saidali Ahmedov o‘z tomorqasidagi issiqxonada limonchilik bilan shug‘ullanib, bu yil ichki bozorga 2 tonnadan ortiq limon yetkazib berdi. Uning bu mehnatlari yuksak baholanib, hudud mas’ullari tomonidan “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni topshirildi. Aslida bu kabi namunali tomorqachilar viloyatda juda ko‘p.

Shu bilan birga, har bir tumanda tomorqadan yetarli foydalanmayotgan mahallalar ajratib olinib, ularga mahalla xodimlari biriktiriladi. Bu toifadagi oilalar bilan yaqindan ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilib, mahalla yettiligi biriktiriladi va nazoratga olinadi.
O‘z navbatida, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Parkent kabi tumanlarning ayrim suv ta’minoti og‘ir hududlarida tomorqa yer maydonlarini sug‘orish uchun vertikal quduqlarni burg‘ilash orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish ham rejalashtirilgan.
A.Musayev, O‘zA