Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqadan unumli foydalanib...
12:12 / 2026-03-10

Olot tumani “Xidreyli” mahalla fuqarolar yig‘inida tomorqa yerlaridan unumli foydalanish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Mahalla aholisining katta qismi tomorqa xo‘jaligi bilan shug‘ullanib, issiqxonalarda turli sabzavot va poliz ekinlarining ko‘chatlarini yetishtirish orqali munosib daromad topmoqda. Bu esa mahallada ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash, oilalar farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur mahallaning mehnatkash va tashabbuskor ayollaridan biri  Gulchehra Niyozova ham o‘z tomorqasidan unumli foydalanib kelmoqda. U o‘zining 4 sotixli issiqxonasida turli sabzavot ko‘chatlarini yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Joriy yilda u 200 mingdan ortiq ko‘chat yetishtirishni maqsad qilgan. Hozir issiqxonada bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri hamda boshqa turdagi sabzavot va poliz ekinlarining ko‘chatlari parvarish qilinmoqda.

Bundan tashqari, u tomorqasining  2 sotixdan ortiq qismida sarimsoq va piyoz yetishtirish bilan ham shug‘ullanadi. Yetishtirilayotgan mahsulotlar mahalliy bozorlarda xaridorgir bo‘lib, oila daromadiga munosib hissa qo‘shmoqda.

–Tomorqa yeridan unumli foydalanish oilamiz uchun katta imkoniyat yaratdi,– deydi tomorqachi Gulchehra Niyozova. –Ilgari faqat o‘z ehtiyojimizni qondirish uchun ekin ekib kelardik. Keyin issiqxona tashkil qilib, ko‘chat yetishtirishni boshladik. Hozirgi kunda ko‘chatlarimizni mahallamiz va qo‘shni hududlardagi dehqonlar ham xarid qilmoqda.  

Uning ta’kidlashicha, issiqxonada ko‘chat yetishtirish doimiy mehnat va sabr talab qiladi. Har bir niholni parvarish qilish, vaqtida suv berish va agrotexnika talablariga amal qilish orqali yaxshi natijaga erishish mumkin.

Gulchehra Niyozova tirishqoqligi, mehnatsevarligi va qat’iyati bilan mahalladagi boshqa xotin-qizlarga  o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Uning tajribasidan ilhomlangan boshqa ayollar ham o‘z tomorqalaridan samarali foydalanishga harakat qilmoqda.

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri