Tadbirkorlik
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida istiqomat qilayotgan Mahliyo Beshimova, Fayzullo Sayfullayevning tomorqachilik madaniyatiga ko‘plar havas qiladi. Ularning 6-9 sotixli tomorqa yerida har yili peshma-pesh sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilayotgani barobarida issiqxonalarida 50 tupdan 80 tupgacha sitrus meva butasi ham parvarishlanayotir.

Mehnat muhtojlikdan qutqargani kabi tomorqa ishi ham avvalo odamlar turmush darajasi yaxshilanishiga, nochor oilalarni qiyin vaziyatdan chiqarishga va daromadli ish qilishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Shunday dehqon-mirishkorlar qatorida navbahorlik G‘ulom Ro‘ziyev hamda uning umr yo‘ldoshi Yulduz Ro‘ziyevalar oilasini e’tirof etish mumkin. Kasb-kori, daromad manbai turlicha bo‘lishiga qaramasdan, ular bir necha yildirki, tomorqasida barpo qilgan 3 sotixli issiqxonasini yashnatib, peshma-pesh mahsulot yetishtirib kelishmoqda.

– Joriy yilda ham mart oyi ilk kunlaridan yerni tayyorlab, plyonka ostiga 2,5 sotix yerga 700 tupdan oshiq serhosil pomidor ko‘chatini o‘tqazib, parvarishni boshlagandik, – deydi xonadon bekasi Yulduz Ro‘ziyeva. – Bugunga kelib pomidor pishib yetila boshladi. Har tupdan 4,5 kilogramm atrofida hosilni mo‘ljallab turibmiz. Bu degani, 3 tonnadan oshirib xirmon ko‘tarish harakatidamiz. Mahalladagi qo‘ni-qo‘shni, doimiy mijozlarimiz pomidorning har bir kilogrammini 10 ming so‘mdan uydan olib ketmoqda. Xomcho‘t qilsak, shuning o‘zidan olayotgan daromadimiz 30 million so‘mdan kam emas.
Bundan tashqari, yana bir sotix yerda xonadon a’zolari yetishtirgan bodring va baqlajon ham hosilga kirgan, shu kunlarda ro‘zg‘ordan ortgan sarxil hosil mahalladoshlar dasturxoniga yetkazilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri