Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida “Himoyalangan tuproqlarda zamonaviy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etish. Qishloq xo‘jaligida biznesni rejalashtirish va moliyalashtirish, marketing va brendlash” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Seminar O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti hamkorligida Germaniya taraqqiyot banki (KfW) hamda Biznes va finans konsalting (BFC) GmbH tashkilotining moliyaviy ko‘magida tashkil etildi. Unda mutaxassislar, tadbirkor, fermer xotin-qizlar, yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va biznesini yo‘lga qo‘yish xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish, turmush sharoitlarini yaxshilash, ayniqsa, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali ularning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hamda qayta ishlash yo‘nalishida o‘z biznesini yo‘lga qo‘yayotgan xotin-qizlar safi yildan-yilga ortib bormoqda.

Bugungi kunda birgina Andijon viloyatida ayollar rahbarlik qilayotgan 112 ta fermer xo‘jaligi samarali faoliyat olib bormoqda. Ular tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, xalqimiz dasturxoni mo‘l-ko‘lligini hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, viloyatda tomorqa maydonlaridan unumli foydalanishda ham opa-singillarimizning o‘rni va roli nihoyatda katta. Tajribali, mirishkor ayollarning sa’y-harakati, tomorqalardan oqilona foydalanish hisobiga mo‘l qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Respublikadagi mavjud 650 ming gektardan ortiq tomorqa yer maydonlarining 44,9 ming gektari yoki 6,9 foizi Andijon viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Viloyatda tomorqadan oqilona foydalanish, yuqori daromad olish borasida o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan.
Bugungi kunda mamlakatimiz tomorqa maydonlarining qariyb 4,5 ming gektar qismida issiqxona xo‘jaliklari tashkil etilgan bo‘lib, ulardagi tabiiy tuproq sharoitida qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirilib, nafaqat ichki bozor to‘ldirilmoqda, balki eksport ham qilinmoqda.

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, issiqxona xo‘jaliklarini moliyaviy sog‘lomlashtirish, eksportbop va raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzluksiz yetishtirish hamda qishloq joylarida aholi bandligini ta’minlash va daromad olishga yanada qulay sharoitlar yaratish, himoyalangan yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlatimiz tomonidan 20 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Seminarda mutaxassislar tomonidan ana shu hujjatlar haqida ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berildi.
Andijon viloyatining tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib, tomorqalarda issiqxonalar tashkil etish, yil davomida sabzavot, sitrus mevalar va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, aholi daromadlarini oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.

Seminarda ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanish, bu borada biznesni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi, ishtirokchilarga tegishli tavsiya va maslahatlar berildi. Ularni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.
Har jihatdan foydali o‘tgan mazkur seminar fermer, tomorqa xo‘jaliklari egalari bo‘lgan xotin-qizlar, yoshlarning mavzu doirasidagi bilim va tushunchalarini yanada boyitdi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari