“Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida Jizzax viloyati Paxtakor tumanida yashovchi yosh tadbirkor Jamshid Ahmedov ham bor.
29 yoshli oilaviy tadbirkor Jamshid Ahmedov Paxtakor tumanidagi Bog‘ishamol mahallasida istiqomat qiladi. U tadbirkorlik faoliyatini 2017 yilda oila a’zolari bilan xonadonidagi 5 sotix yer maydonida issiqxona qurib, ko‘katchilikdan boshlagan. Qisqa fursatda erishilgan samara va daromad uni faoliyatini kengaytirishga undadi.
2024 yilda davlat tomonidan ajratilgan 100 million so‘m imtiyozli bank krediti hisobiga Paxtakor tumani hududida 22 sotix yer maydonida zamonaviy issiqxona barpo etildi. Natijada mahallada 4 nafar doimiy va 25 nafar mavsumiy ish o‘rni yaratildi.

Yetishtirilgan mahsulotlar nafaqat ichki bozor, balki Rossiya Federatsiyasi hamda qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda.
– Joriy qishloq xo‘jaligi yilida issiqxonamizda uchinchi hosilni parvarishlayapmiz. Ko‘kat ekish, avvalo, yerning hosildorligini oshiradi, shu bilan birga uning bo‘sh qolishining oldini oladi. Uchinchi hosil sifatida vitaminlarga boy turli ko‘katlar yetishtirib, asosan eksportga, bir qismini esa ichki bozorga chiqaryapmiz, – dedi Jamshid Ahmedov.
Tadbirkor davlat qo‘llab-quvvatlovi asosida mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etib, nafaqat mahsulot yetishtirish, balki tomorqachilikka qiziqqan aholiga amaliy yordam ko‘rsatishni ham yo‘lga qo‘ygan. Xususan, tashkil etilgan o‘quv markazida tomorqachilik madaniyati, issiqxonalardan samarali foydalanish usullari o‘rgatilmoqda. Bu yerda tahsil olgan fuqarolar o‘z tomorqalarida kichik issiqxonalar barpo etib, oilaviy daromadlarini oshirishga erishmoqda.
Aynan Jamshid Ahmedov MCHJ qoshida tashkil etilgan o‘quv markazida tahsil olgan dehqonlarning – Bog‘ishamol mahallasida 35 nafari, tuman bo‘yicha esa 100 nafardan ortiq tomorqachilar o‘z issiqxonalarini tashkil etishdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish, bozorda mahsulot narxlarining barqarorligini saqlash, aholini sifatli va ekologik toza oziq-ovqat bilan ta’minlash, shuningdek, eksport orqali mamlakat iqtisodiyotiga hissa qo‘shishdir.

– Kelgusida issiqxonalar sonini yanada oshirish, aholini yil davomida ish bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz, – deydi Jamshid.
Jamshid Ahmedovning mehnati va tashabbuslari davlat tomonidan munosib baholandi. U joriy “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” arafasida “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, unga Jizzax viloyati hokimligi tomonidan “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni ham topshirildi.
– Bu mukofotni faqat shaxsiy yutug‘im deb emas, jamoamiz va barcha jizzaxlik yoshlarning mehnatiga berilgan baho, deb qabul qilaman. U bizga yanada katta mas’uliyat va ilhom bag‘ishladi, – dedi u.
Kelgusida tadbirkor faoliyatini yanada kengaytirib, yirik issiqxona majmualari barpo etish, Yevropa davlatlari bilan ikki tomonlama shartnomalar asosida eksportbop mahsulotlar yetkazib berishni maqsad qilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/z88Gv7s4uks" title="Tomorqadan mukofotgacha bo‘lgan yo‘l" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (video+surat), O‘zA muxbirlari