Davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi asosiy vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, aholi xonadonlaridagi mavjud tomorqalardan unumli foydalanishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Viloyatda axoli tomorqalarini ishga solish bo‘yicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitov mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash, tomorqachilikni yanada rivojlantirish, bu borada boy tajriba to‘plagan sohibkorlarning ish usullarini har bir mahallada keng ommalashtirish maqsadida Zarbdor va Sharof Rashidov tumanlarida sohaga bevosita mas’ul bo‘lgan mutasaddilar bilan seminar o‘tkazdi.
Seminar ishtirokchilari Zarbdor tumanidagi 3 700 nafardan ortiq aholi yashayotgan "Lalmikor" mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi.

Rezavor mevalar yetishtirish bo‘yicha o‘quv maydoni tashkil etilgan mahalla dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, 668 ta xonadonning barchasida tomorqa yerlari bor. Shuningdek, aholiga dehqonchilik qilish uchun 126 gektar yer ajratilgan.
Viloyatning barcha hududlarida bo‘lgani kabi bu yerda ham tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solish, bozorbop mahsulotlar yetishtirish choralari ko‘rilmoqda. Bu borada namunali tomorqachi Hoshim Ahmedov xonadonida amalga oshirilgan ishlar tahsinga loyiq.
Kaftdekkina hovlida issiqxona tashkil qilinib, limon ekilgan. Hovlida 4 quti asalari, qoramol, qo‘y, shuningdek ,1000 dan ortiq broyler jo‘ja boqilmoqda.
E’tiborli tomoni, jo‘jalarni boqish tumandagi ushbu sohaga ixtisoslashgan korxona tomonidan klaster asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni, xonadon egalari ular tomonidan berilgan jo‘jalarni boqib berishadi va mehnatlari evaziga mo‘maygina foyda olishadi.
Tomorqaga, shuningdek, 10 xil turdan ziyod mevali daraxtlar, ko‘kat, ziravor, gul va boshqa ekinlar did bilan ekilgan. Ro‘zg‘or obod, ortgan mahsulotlar bozorga chiqarilmoqda. 5 kishidan iborat oila a’zolari, ulardan unumli foydalanib, yiligi 200 milliondan ortiq sof daromad qilish imkoniyati borligini aytishmoqda.
Seminar ishtirokchilari Sharof Rashidov tumani Tuyoqli mahalasida istiqomat qiluvchi “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni sohibi Abdumo‘min Karimov xonadonida ham bo‘lishdi.
Tajribali tomorqachi xonadonida bo‘sh yerning o‘zi yo‘q. Hovliga qadam bosgan kishining o‘zgacha fayz ufurib turgan saranjom sarishtalikdan ko‘zi quvnaydi. Inson qo‘li gulligiga yana bir bor tan beradi. Chunki, hovlida har bir qarich yerga did bilan ishlov berilib, ekin ekilgan. 6 sotix maydonni egallagan 2 ta issiqxona, tokzor, turli mevali ko‘chatlar ekilgan bog‘ yil o‘n ikki oy tomorqadan hosil olish imkonini beradi. Qolaversa, ro‘zg‘orda qoramol, qo‘y, tovuq boqilmoqda.
Albatta, mo‘jazgina hovlida yaratilgan bu mo‘jizaning siri – uquv va mehr bilan qilinayotgan mehnatda. Abdumo‘min akaning xonadonida 8 kishi istiqomat qiladi. Oila a’zolari, hatto nevaralar ham tomorqachining yaqin dastyorlariga aylanishgan.
Tomorqachi o‘z yutuq va muvaffaqiyatlari sirlari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, tomorqachilik bilan shug‘ullanishni istovchilar uchun urug‘lik, ko‘chat, qalamcha berib, ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Seminar davomida namunali bu tomorqachilar ish tajribasini ommalashtirish, viloyatdagi aholi xonadonlarida mavjud tomorqalarning har birini daromad keltiradigan, bandlikni ta’minlaydigan sohaga aylantirish asosiy vazifa ekanligi ta’kidlandi.
Mutasaddilar tomonidan bu borada beriladigan imtiyozli amaliy yordam turlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Hamkorlikdagi ish rejalari belgilab olindi.
Marhabo MADAMINOVA,
O‘zA