Prezidentimizning shu yil 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida respublika Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan Qiziriq tumanidagi Qishloqozon mahallasida tomorqa yerdan ikki-uch marta hosil olishni yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Mazkur mahalladagi 1 ming 32 tomorqa yer egasi 175,9 gektar ekin maydonida dehqonchilik qiladi. Qishloqozonliklar “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida sabzavot yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
Viloyat Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qiziriq tumani hokimligi mas’ul mutaxassislari, sektor rahbarlari va hokim yoramchilari ishtirok etgan seminarda tomorqa yer egalariga “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ertaki, takroriy va to‘qsonbosti ekinlarini ekish, ekilgan sabzavotlarni parvarishlash, ixcham issiqxonalar qurish va ulardan samarali foydalanish, yetishtirilgan hosilni yig‘ib olish, sotish, tomorqaga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijrochi direktori T. Sattarov issiqxona qurish, ko‘chatchilik, so‘ritok usulida uzum yetishtirish, limonchilik, intensiv baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish, “dala do‘kon” lari qurish, kichik muzlatkichlar barpo etish uchun kreditlar ajratish tartib-taomillari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Seminarda hokimning Qishloqozon mahallasidagi yordamchisi K. Xudoyberdiyev 10 nafar tomorqa yer egasining xonadonlarida ixcham issiqxonlar qurish uchun 200 million so‘m kredit mablag‘iga ehtiyoji borligini ma’lum qildi. Bu masalani hal etish uchun mahallaga zarur mablag‘ni ajratish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ko‘rgazmali seminar ishtirokchilari Qishloqozon mahallasida yashaydigan tomorqa yer egasi Nazira Xolto‘rayeva xonadonida bo‘lib, 30 sotix maydondagi mo‘’jazgina tomarqada to‘qsonbosti usulida ekilgan piyoz va ertaki kartoshka ekinlarining parvarishi bilan tanishdi. Ziroatlarning hosili, piyoz va kartoshkadan bo‘shaydigan maydonlarga hududning iqlimiga mos takroriy oziq-ovqat ekini ekish muddatlari va agrotexnikasi bilan qiziqdi.
Seminar yakunida sektor rahbarlari, soha mutaxassislari va hokim yoramchilariga tomorqalardan oqilona foydalanib, yiliga ikki-uch marta hosil olishni keng joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
Ma’rufjon O‘rozov,
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mutaxassisi
O‘zA