So‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va issiqxona xo‘jaligini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, sabzavotlar bilan bir qatorda noyob va ekzotik mevalarni mahalliy sharoitda yetishtirishga bo‘lgan qiziqish tobora ortmoqda.
Buxoro viloyati Olot tumani “Asajam” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Sunnat To‘xtayev tomorqasidagi issiqxonada banan yetishtirish bo‘yicha amaliy tajriba o‘tkazib, qisqa vaqt ichida ijobiy natijaga erishmoqda. Uning ta’kidlashicha, banan o‘simligi ko‘pchilik o‘ylaganidek, faqat juda issiq iqlimdagina o‘sadigan o‘simlik emas. Aslida esa uni yetishtirish uchun 8–10 daraja issiqlik ham yetarli bo‘lib, eng muhimi to‘g‘ri parvarish, namlikni me’yorda saqlash va muntazam oziqlantirish lozim.

Ayni vaqtda issiqxonada 1 sotix maydonga ekilgan banan nihollari parvarish qilinmoqda. Uning ma’lum qilishicha, mazkur nihollar mart oyida hosilga kiradi. Rejaga ko‘ra, har bir banan o‘simligidan o‘rtacha 250–300 donagacha meva olish ko‘zda tutilgan. Bu esa hatto kichik maydonda ham yuqori hosil olish mumkinligini amalda isbotlamoqda.

Issiqxonada faqat banan emas, balki turli sabzavot va ko‘katlar ham yetishtirilmoqda. Jumladan, bu yerda 100 dan ortiq “Alamino” navli pomidor ko‘chatlari ekilib, ulardan erta bahorda mo‘l va sifatli hosil olish rejalashtirilgan. Shuningdek, aholining kundalik ehtiyojini ta’minlash maqsadida turli ko‘katlar ham parvarishlanmoqda.
Sunnat To‘xtayevning tajribasi kelgusida boshqa tomorqachilar uchun ham o‘rnak bo‘lib, yangi g‘oya va tashabbuslarga turtki bo‘lishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.