Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomorqachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga tijorat banklari orqali yillik 7 foizli kreditlar ajratmoqda. Ushbu mablag‘lar doimo dehqonchilik bilan shug‘ullangan fuqarolarga ajratilgani sababli, monitoringlar jarayonida mablag‘lardan maqsadsiz foydalanish holatlari juda kam uchragan.
Bir tomonlama islohotlarning samarasi uzoqqa cho‘zilmasligi inobatga olingan holda Jamg‘arma tomorqachilik sohasining og‘riqli nuqtalarini aniqlash va ushbu yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rmoqda.
Keyingi besh yilda Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bir qator muhim jihatlarni qamrab olgan. Misol uchun, tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni fuqarolardan xarid qilish va oldindan buyurtma berish orqali tomorqalarda shuningdek, mahallalarda mahsulot yetishtirishga ko‘maklashuvchi “Tomorqa xizmati” MCHJlar, fermer va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlaydi. Tomorqalarda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda zarur bo‘lgan va yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan qishloq xo‘jaligi texnika va asbob-uskunalarini arzon narxlarda yetkazib beradi. Suv ta’minoti og‘ir hududlarda artezian quduqlarini qazish xarajatlari uchun subsidiyalar ajratadi, bog‘ va tokzorlar hamda qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizing shartlari asosida yetkazib berish kabi ishlarda faol ishtirok etadi.
Jamg‘arma hozirga qadar 355 ta “Tomorqa xizmati” MCHJga 340 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratdi. Ushbu mablag‘lar ko‘chatchilik issiqxonasi, qishloq xo‘jaligi texnikalari, yuk saqlash omborxonasi, sovitkichli omborxona, urug‘, ko‘chat, o‘g‘it, kimyoviy vositalar do‘koni, ixcham issiqxonalar qurish sexi, mevani quritish va qayta ishlash sexi, inkubator, sun’iy qochirish punkti, kabi yo‘nalishlarda foydalanilgan.
“Tomorqa xizmati” MCHJlar 325 mingdan ortiq xonadonga yuqorida keltirib o‘tilgan yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatib, 1 931 ta doimiy va 2 214 ta mavsumiy ish o‘rni yaratildi. Jamg‘arma qo‘llab-quvvatlagan 13 ta “Tomorqa xizmati” 20,9 million dollar miqdorida eksportni amalga oshirdi. Shuningdek, 68 ta tumanda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” MCHJlarning faoliyati klaster usulida bo‘lib, aholiga mahsulot yetishtirishdan tortib uni xarid qilishgacha bo‘lgan 12 turdagi xizmatlar orqali yiliga 2 mingdan 6 minggacha bo‘lgan tomorqalarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Jamiyatlar bozorda sotish imkoni bo‘lmagan ikkinchi va uchinchi tur meva sabzavot mahsulotlarini tomorqalardan xarid qilish hamda ularni quritish va qayta ishlashni asosiy yo‘nalishi sifatida tanlangan.
Tomorqalarda agrotexnik tabirlarni amalga oshirish uchun Jamg‘arma xorijdan tomorqada ishlashga mo‘ljallangan 800 dan ortiq minitexnika va asbob-uskunalarni fuqarolar va “Tomorqa xizmati”ga yetkazib berdi.
Tomorqalarni sug‘orish maqsadida suv ta’minoti og‘ir hududlarda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 iyuldagi qaroriga asosan Jamg‘arma orqali artezian quduqlarini qazish xarajatlari uchun 150 mln so‘mgacha subsidiyalar ajratdi. Mablag‘lar quduqlarning chuqurligi va artezian quduqlaridan chiqarilgan suvning qancha tomorqani sug‘orishiga mo‘ljallanganiga qarab yo‘naltirilmoqda. Hozirga qadar 1 824 ta artezian quduqlari uchun 160 mlrd so‘m subsidiya ajratilgan. Natijada 10-20 yillardan buyon suv kelmagan 41 ming aholi xonadoniga suv chiqarildi va yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishi tiklandi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi qarori bilan 2022 yildan tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga omborxonalarni jihozlash, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajimda davlat byudjeti hisobidan subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yildi.
Talabga ko‘ra subsidiya olish istagida bo‘lgan talabgorlar manzilli ro‘yxatga kiritilishlari zarur bo‘lib, ro‘yxat uchun arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki bevosita Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasining axborot tizimiga kirish orqali amalga oshirishlari mumkin.
Jamg‘arma Andijon tumanida 120 gektar, Chiroqchi tumanida 60 gektar, Denov tumanida 50 gektar yer maydonida intensiv bog‘zor, Yangibozor tumanida 120 gektar, Ishtixon tumanida 100 gektar, Quvasoy shahrida 36 gektardan intensiv tokzor, Yangiyo‘l tumanida 20 gektar ajratilgan yer maydonlarida ixcham issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha lizing faoliyatini yuritmoqda. Tayyor bog‘ va issiqxonalarni aholiga lizing shartlari asosida sotish rejalashtirilgan.
Aholining tomorqachilik bilim va tajribalarini ommalashtirish uchun markazlar orqali tomorqachilik bilimlari o‘rgatilmoqda. Mazkur yo‘nalish doirasida Jamg‘arma Beruniy tumanida ko‘chatchilik, Andijon tumanida bog‘dorchilik, Buxoro tumanida issiqxona, Sharof Rashidov tumanida gulchilik, Chiroqchi tumanida asalarichilik, ko‘chatchilik va parrandachilik, Karmana tumanida parrandachilik, Denov tumanida bog‘dorchilik markazlari tashkil etilib, bepul ta’lim olish yo‘lga qo‘yilgan.
Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy -tadqiqot institutining Farg‘ona viloyati Quva tumanida 395 gektar yer maydoni negizida Jamg‘arma ta’sischiligida Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi ham faoliyat yuritmoqda. Markazda “in vitro” laboratoriyasi, ko‘chatchilik maktabi va o‘quv markazi tashkil etilgan. Ushbu xizmatlar orqali Jamg‘arma “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublikamiz hududlariga fermerlar va tomorqa yer egalariga 8 million donadan ortiq ko‘chat yetkazib bermoqda.
Eng muhimi tomorqa yer egalariga hamkor banklar orqali yillik 14 foiz stavkadagi imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Qishloq xo‘jaligiga iqtisoslashgan 160 ta tumanda Jamg‘arma mablag‘larini olish istagida bo‘lgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 16 dekabrdagi va 20 dekabrdagi qarorlari asosida kredit olish yuzasidan “Oilakredit.uz” orqali ariza kiritishlari hamda hokim yordamchisidan tavsiya olish orqali tijorat banklaridan mablag‘larni rasmiylashtirishlari mumkin.
Jamg‘arma o‘tgan besh yilda tomorqachilik va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari uchun 1,5 trln so‘mdan ortiq loyihalarni moliyalashtirdi.
X.Isroilov, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i