Mahallalarda tomorqachilikning rivojlanishi oilalarning farovonligi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda, aholi turmush darajasini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Buni Sardoba tumanining Qo‘yitosh mahallasida istiqomat qilayotgan Ahatqul Mamatqulov yaxshi biladi. Uncha katta bo‘lmasada kichik tomorqasida mavsumga qarab pomidor, kartoshka, bulg‘or qalampiri, karam, sabzi piyoz, kech kuzda esa, to‘qsonbostiga sarimsoqpiyoz, ismaloq kabi har xil rezavor ekin turlarini ekib yaxshigina daromad qilyapti. Ahamiyatli tomoni, tomorqasida bozorbop ekin yetishtirish barobarida bo‘sh turgan yerni "iqtisodiy aktiv"ga aylantiryapti.

–Yer ham insondek gap. Unga mehr berganing sari u ham sen istagan narsani kutganingdan ko‘proq beradi,–deydi Ahatqul Mamatqulov o‘z xonadonida tuman prokurori, 2-sektor rahbari Ravshanbek Norboyev tashabbusi bilan aholining tomorqadan samarali foydalanishi mavzusida o‘tkazilgan seminarda.–Quvonarlisi, uning ortidan dasturxoning to‘kin, ro‘zg‘oring obod bo‘ladi. Buni nafaqat men, oila a’zolarim yaxshi bilishadi. Ular ham men singari bo‘sh vaqt topgudek bo‘lsa, tomorqaga ekilgan ekin turlarini parvarishlashga, eski ekin turini mavsumga qarab, yangisiga almashtirishga harakat qiladi. Buning natijasida, ko‘rib turganingizdek, oilamiz byudjeti yildan- yilga ko‘paymoqda.

Ahatqul Mamatqulov xonadonida o‘tkazilgan seminarda tumandagi "Quyitosh", "Haqobod", "Yangiqishloq" mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan mahalla yettiliklari vakillari ishtirok etib, tomorqachilik, uni rivojlantirish istiqbollariga doir masalalarda o‘zaro fikr va tajriba almashdi.

–Yurtimizda tomorqachilikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari qabul qilindi. Bu esa aholini ish bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash, yangi texnologiyalar joriy qilish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi,–dedi seminarda ishtirok etgan tuman prokurori, 2-sektor rahbari Ravshanbek Norboyev .–Bu boradagi ishni har bir mahallada, har bir xonadonda to‘g‘ri tashkil etsak, kutilgandanda yaxshiroq natijaga erishamiz. Buning uchun subsidiya deysizmi, moliyaviy yordam deysizmi, yurtimizda barcha imkoniyatlar bor. Faqatgina xohish kerak. Tomorqasi bo‘laturib, unda biron bir ro‘zg‘orga nafi tegadigan ekin turini ekmay, yerning umrini, qolaversa, o‘z umrini behudaga o‘tkazish yaxshi emas. Bugun o‘tkazilayotgan seminardan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu.

"Quyitosh"da aholi tomorqadan samarali foydalanishi mavzusida o‘tkazilgan seminar unda ishtirok etgan mahallalar yettiligi vakillari uchun foydali bo‘ldi. Ular xonadon sohibi Ahatqul Mamatqulovning tomorqachilik, uni rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish barobarida o‘zlarini qiynab turgan masalalarga yechim topdi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri