Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqachilik klasterida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi
11:28 / 2022-01-24

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanidagi “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “To‘ramurod best tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatida klasterlar faoliyatini yanada takomillashtirish, shu orqali aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil qilindi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov, tuman hokimligi mutasaddilari, mahallalardagi hokim yordamchilari va fermer dehqon xo‘jaliklari raislari   ishtirok etdi.

Seminarda asalarichilik, quyonchilik, parrandachilik, bog‘dorchilik va boshqa qator serdaromad yo‘nalishlar bo‘yicha samarali faoliyat yuritayotgan, o‘z navbatida ishbilarmon tadbirkorga aylangan tomorqachilar, dehqon xo‘jaliklari egalari tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar namoyish etildi.

Qayd etish kerak, bugungi kunda tomorqadan foydalanayotganlar chin ma’noda ham mirishkor ham tadbirkor hisoblanadi. Chunki, u o‘z mehnati bilan yetishtirgan mahsulotlarini bozorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib chiqib sotish imkoniyatiga ega. Bu borada tomorqa egalari va mirishkor dehqonlarga “Tomorqa xizmati” klasterlari 12 ta yo‘nalishda xizmat ko‘rsatishi belgilangan.

Tumandagi “To‘ramurod best tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tomorqachilik klasteri tashkil etildi. bugungi kunda 2 gektar issiqxonada pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri yetishtirilib, 0,5 gektar issiqxonada tuman tomorqa yer egalariga bahorda ekishlariga sabzavot ko‘chatini yetishtirib berish uchun tayyorlanmoqda. Bug‘doy va sholini qayta ishlash, issiqxona qurish, mahalliy xashaklar va sholi qoldig‘idan yem tayyorlash sexlari, 500 tonnalik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari saqlovi sig‘imidagi muzlatkich, dala do‘koni, parranda va chorva naslchilik fermalari, meva, sabzavot va polizni ochiq usulda yetishtirish maydoni va  ularda yetishtirigan mahsulotlarni saqlash omborxonasi mavjud. Mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyat negizida, inkubatsiya sexini ishga tushirish, 50 sotix yer maydonida bug‘doyni gidroponika usulida intensiv o‘stirib, chorva ozuqasini tayyorlash sexi qurish rejalashtirilgan. Joriy yilda aholiga 81 ta ixcham issiqxona qurib berish, 200 ta xonadonga 100 boshdan xonaki parranda, 100 ta xonadonga 20 boshdan quyon, 30 ta xonadonga 5 tadan asallari uyasi, 500 ta xonadonga 10 tadan uzum ko‘chati, 60 ta xonadonga 5 boshdan qo‘y va echki tarqatish nazarda tutilgan.

Aktam Xaitov tadbir doirasida hokim yordamchilari bilan uchrashib,  Prezidentimizning 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, mahallalarda ish olib boruvchi hokim yordamchisiga katta vakolat hamda majburiyat yuklanganligini qayd etdi. Mazkur lavozimlarning ta’sis etilganligi joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, shu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, mahalla tizimidagi ishlarni yanada kuchaytirish masalasi davlatimiz rahbarining "Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni loyihasida ham o‘z aksini topgan.

Tadbirda tomorqachilikni yanada rivojlantirish, “To‘ramurod best tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida o‘quv markazini tashkil etish, unga tomorqachilikka qiziquvchi yoshlarni jalb etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA