Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, aholini tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Birinchi galda “Mahallabay” ishlashni tashkil etish, qishloq joylarida aholi uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish va daromadini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, joylarda oilaviy tadbirkorligi rivojlangan xonadonlarning tajribasi ommalashtirish, hududlarning ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi salohiyatiga qarab “o‘sish nuqtalari” aniqlanib, uni ommalashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Parkent tumanida ham bu kabi oilalar juda ko‘p. Masalan, Yashnobod mahallasida yashovchi Jamshid Husniddinov ham o‘z hovlisida tashkil etgan joyda qo‘ziqorin yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
– Ikki yildan beri bozorda xaridorgir bo‘lgan “Shampinon” navli qo‘ziqorin yetishtiramiz, – deydi tadbirkor J.Husniddinov. – Bu soha yil sayin hududimizda ham ommalashmoqda. Bahor oylarida havodagi namlik tufayli qo‘ziqorin yaxshi rivojlanadi. Xonadonimiz sharoitida 150 kvadrat metr joy ajratib, 60 million so‘m xarajat qildik va shu ishni boshladik. Mahsulotni ichki bozorda 45-50 ming so‘mdan sotamiz. Bir mavsumda 120 million so‘mgacha daromad olinmoqda. Oilamizda 6 nafar kishi ish bilan band. Qo‘ziqorinda go‘shtdagi foydali moddalar mavjudligi sabab barcha yoshdagi insonlar sevib iste’mol qiladi.

J.Husniddinovning kelgusidagi rejalari ko‘p. Qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratib, mahsulotni qayta ishlashni va xorijga eksport qilishni maqsad qilgan. O‘simliklar karantini va himoyasi viloyat boshqarmasining Parkent tumanidagi fitosanitar davlat inspektori Nuriddin Nasriddinovning ta’kidlashicha, hududda bu kabi tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan oilalar bilan muntazam ravishda hamkorlik qilinadi. Tomorqa egalariga mahsulot sifati bo‘yicha kerakli fitosanitar sertifikatlar beradi.
Shu kunlarda Bo‘ka tumaniga yo‘lingiz tushsa, aholini bahorgi yumushlar, ekin ekish jarayoni jadallik bilan olib borayotganini ko‘rasiz. Xususan, Moytepa mahallasida lavanda plantatsiyasi tashkil etilgan. Ilgari asosan loviya, mosh, makkajo‘xori yetishtiradigan hudud dehqonlari uchun bu loyiha yangilik bo‘ldi.

Aslida lavanda o‘ziga xos rang va xushbo‘y hid tarqatuvchi o‘simlik bo‘lib, bog‘lar va deraza tokchalarini bezatadi. Uning gullari hatto taom pishirishda ishlatiladi, parfyumeriya sohasida ham asosiy xomashyodir. Xo‘sh, bu dorivor o‘simlikni Toshkent viloyati sharoitida yetishtirishni ilk bor yo‘lga qo‘ygan, tomorqachidan tadbirkorga aylangan Ulug‘bek Dehqonboyevning ta’kidlashicha, so‘ngi yillarda suv tanqisligiga uchrayotgan, meliorativ holatini yo‘qotayotgan maydonlarda aynan shu o‘simlikni yetishtirish qulaydir.

– Ayni paytda to‘rt sotixli issiqxonamizda 200 ming tup lavanda ko‘chatlari parvarishlanmoqda, – deydi Ulug‘bek Dehqonboyev. – Lavanda dorivor o‘simligi yilda ikki marta hosil beradi. Uning birinchi hosili iyun, ikkinchi hosili esa oktyabr oyida terib olinadi. Mazkur biznes reja bo‘yicha 405 million so‘mlik loyiha asosida 10 gektar yer maydondan 2 marta hosil yig‘ib olish orqali 54,6 tonna lavanda guli yig‘ib olinadi. Hosilni realizatsiya qilish orqali 4 milliard 620 million so‘m daromad olish maqsadimiz bor. Hozirgi kunda 1 tonna lavanda gulining qiymati ichki bozorda 85 million so‘mni tashkil etadi. Maqsadimiz yoshlarni bozor-talab mahsulotlar yetishtirishga yo‘naltirish hamda tez fursatda kichik biznes muhitiga olib kirish. Viloyatning ko‘plab manzillarida turizm muhiti yaratilgan. Nasib qilsa kelgusida lavanda plantatsiyalarida sayyohlar aromaterapiya dam olishlarini tashkil etish rejamizda bor. Bu jihatlarni Turkiya davlatiga borib o‘rgandim.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ularga dorishunoslikda talab yuqori. Tadbirkor tanlagan o‘simlik navlari qishning qahratoni, yozning jaziramasiga ham chidamli. Hozir ko‘chatlar uyquda. Hademay uyg‘onib barg yozadi. Bo‘ka tumanida xomashyoni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Aprel oyning oxirida Turkiya davlatidan ishlab chiqarish tegirmonlari olib kelinadi. Shu orqali shampun, gel, sovun kabi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.


A.Musayev, O‘zA