Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqachilarga kredit qay tartibda beriladi?
10:10 / 2021-09-29

Samarqand viloyati Jomboy tumanida oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish uchun imtiyozli kreditlar ajratish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan tashkil etilgan seminarda viloyatdagi fermer va tomorqachilar, banklar, qishloq xo‘jaligi va ta’minotchi korxonalar mas’ullari, “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Kengash huzuridagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijro etuvchi direktori T.Sattarov, Samarqand viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Norqo‘ziyev Prezidentimiz qarori yurtimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlar tashabbuslarini keng miqyosda moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda keng imkoniyatlar yaratganini ta’kidladi. Jamg‘arma mablag‘larini yo‘naltirish orqali imtiyozli kreditlar ajratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

– Uchrashuvda tomorqachilar imtiyozli kredit olish, undan foydalanish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi, – deydi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining Samarqand viloyati bo‘yicha hududiy vakili F.Kenjayev. – Shuningdek, kredit olishdagi muammolar ham qayd etilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Banklar vakillari bilan birga kredit rasmiylashtirilishi shartlari, mavjud tartiblar bo‘yicha tushuncha va tavsiyalar berildi.

Seminarda Samarqand viloyatidagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari, shuningdek, “Tomorqa xizmati” MCHJlar tomonidan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 15 milliard so‘mlik kredit olish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Tadbir qatnashchilari ushbu yo‘nalishda Jomboy tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, o‘zaro tajriba almashdi.

 

G‘.HASANOV, O‘zA