Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqachilar tajribasi ommalashmoqda
17:53 / 2023-10-24

Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida 204,8 ming nafar aholining doimiy va mavsumiy ish bilan bandligi ta’minlangan. Xususan, Yangiyo‘l tumanida arzon va sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va ichki bozorni ta’minlash borasida tomorqa xo‘jaliklarining o‘ziga xos tajribasi bor.

Yil boshidan buyon hududda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 116 ta xonadonga 3,13 milliard so‘mlik issiqxona, 301 ta oilaga 5 milliard so‘mdan ziyod qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalari tarqatildi. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanayotganlar ham ko‘p. E’tiborlisi,  tomorqachilikda eng namunaviy ishlarni amalga oshirayotgan, barchaga o‘rnak bo‘layotgan oilalar tajribasi ommalashtirilmoqda.  

Bunda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Hududdagi “Niyozboshi” mahallasida yashovchi Malohat Ro‘ziboyeva viloyatda eng ilg‘or ayollar safiga kiritildi. U o‘ttiz yildan beri 9 sotixli issiqxonasida ko‘k piyoz yetishtirish bilan shug‘ullanadi.  

– Mahallamiz sabzavot mahsulotlari, xususan, piyoz yetishtirishga ixtisoslashgan, – deydi Malohat opa. – Buning ham o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor. Yiliga 80 million so‘mdan ziyod daromad olamiz. Yetishtirilgan mahsulot ichki bozor hamda qo‘shni davlatlarga ham yuboriladi. Buning uchun mavsumda 25 nafar ayolni ish bilan band qilganmiz. Shu kunlarda ham issiqxonamizda ish qizigan. Ayni hosil yetilgan palla. Issiqxona isitilsagina daromad olib keladi.  

Hududdagi Qirsadoq mahallasi aholisi viloyat dehqon bozorlari va poytaxt savdo do‘konlariga ham sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beradi. Har bir oila o‘z tomorqasida mehnat qilib, bandligi ta’minlangan. Chetdan yollanma ishchilar chaqirilmaydi.  

– Tomorqamizdagi 8 sotixli yerda 10 turga yaqin sabzavot va ko‘kat ko‘chatlarini yetishtiramiz, – deydi mahallada yashovchi Zulfiqor Karimov. – Bu ish bilan 20 yildan buyon shug‘ullanaman. Bulg‘ori qalampiri, bodring, sarimsoq piyoz ham ekamiz. Sabzavot ko‘chatlarini esa hududimizdan tashqari boshqa tumanlardagi dehqonlarning talablari bo‘yicha ham yetkazib beramiz. Yil davomida 30-40 million so‘mgacha daromad olish imkoniyatimiz bor.  

Tumanda bu kabi sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchilar “Tomorqa xizmati” MCHJlar hamda yirik eksportyor korxonalarga biriktirilgan. Yangiyo‘l tumani hokimligi tomonidan mahallalar o‘sish nuqtalari va rivojlanish imkoniyatlaridan kelib chiqib, yo‘nalishlar bo‘yicha ajratib olingan.  

“Markaz” mahallasida yashovchi Ne’matjon Bobojonov limonchilik bilan shug‘ullanadi. Uning 60 sotixlik issiqxonasida limonning “Meyr” navi ekilgan. Uning aytishicha, yiliga 10 tonna hosil yetishtirarkan. Mahsulotlar kelishuv asosida qayta ishlovchi korxonalarga topshiriladi. Ushbu oila tomorqachilikda namuna ko‘rsatgan. Hozir xo‘jalikda 6 nafar oila a’zosi bandligi ta’minlangan.  

– Tomorqadan qanday foydalanishni bilsangiz, daromadingiz ham oshib boraveradi, – deydi N.Bobojonov. – Oxirgi yillar chorvachilikni ham rivojlantirdik. Hozir go‘sht uchun 130 bosh qoramol va 250 bosh qo‘y boqmoqdamiz.  

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu yil Toshkent viloyatida jami 556 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, 166 ming tonna sabzavot, 15 ming tonna poliz, 292 tonna kartoshka, 65 ming tonna dukkakli mahsulot yetishtiriladi. Shundan 219 ming tonnasi viloyat aholisi iste’moliga, 35 ming tonnasi qish-bahor oylari uchun zaxiraga, 135 ming tonna mahsulot shahar yarmarkalariga hamda 167 ming tonnasi eksport qilishga mo‘ljallangan.  

A.Musayev,

O‘zA muxbiri