Oramizdagi zamondoshlarimiz
“Xushxabarning qanoti bor”, deyishadi. Chunki yaxshi yangilik tez tarqaladi, qisqa fursatda ko‘pchilikka yetib boradi. Navbahorliklar orasida ana shunday shodiyona xabar keng yoyildi: “Tomorqachi Farhod Ochilov davlat mukofotiga sazovor bo‘libdi”.
Bugungi kunda yurtimizda o‘zini o‘zi band qilishga, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Navoiy viloyati Navbahor tumanida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, tomorqachilik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tomorqa egalari nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, balki turli sitrus mevalari yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ygan.

Farhod Ochilov tumanning Navkar mahallasida istiqomat qiladi. U mahallada “serqirra tadbirkor” nomi bilan mashhur. Uning xonadoniga kirishingiz bilan ko‘zingiz quvnab, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Yo‘laklar uzra ekilgan arab anoridan tortib, turli uzum nihollari e’tiboringizni tortadi.
U noan’anaviy biznesga qo‘l urgan. To‘rt faslda ham tinim bilmaydigan tadbirkor sitrus mevalar ko‘chatlarini yetishtirib nafaqat tumandoshlari, balki respublikamizning turli hududlariga yetkazib bermoqda.
Dastavval 2 sotixdan iborat tomorqasiga Xitoy, Hindiston davlatlaridan keltirilgan sitrus mevalarning ko‘chat, urug‘larini ekib, parvarishladi. Ayni paytda birgina bananning 4-5 xil navi, papaya, kivi, mandarin yetishtirmoqda. Issiqxonada esa son-sanoqsiz ko‘chatlar bo‘y cho‘zmoqda.

– Banan ko‘chatlarini yerga qadagandan so‘ng 14-15 oydan keyin sekin-asta mevalari yetila boshlaydi, – deydi F.Ochilov. – Bahor, yoz oylarida havo haroratining issiq ekanligi inobatga olinib, hosil mo‘l va barakali bo‘ladi. Bitta banan daraxti 23-24 kilogrammgacha, donaga hisoblasa 300-350 tagacha meva berishi mumkin. Xaridorlar uydan kelib olib ketishadi. 1-2 oy oldindan buyurtma beruvchilar ham bor. Ko‘chatni hosil berish muddatini hisobga olgan holda ekib, parvarishlansa yil 12 oy davomida daromad olsa bo‘ladi.
Yakunlanayotgan 2025 yil F.Ochilovning hayotida unutilmas yillardan biri bo‘ldi, desak adashmaymiz. Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan u davlatimiz rahbarining “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu uning mehnatiga berilgan yuksak bahodir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri