Prezidentimizning 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzurida maxsus jamg‘arma faoliyatini boshladi.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining maqsadi yurtimizda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdir.
O‘tgan yillar davomida mazkur jamg‘arma tomonidan fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” MCHJlar, qishloq xo‘jaligi kooperativlari moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Shuningdek, kredit resurslaridan foydalanishni kengaytirish, sohaga innovatsiyalarni joriy etish, yangi turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni rag‘batlantirish, agrar tarmoqqa yangi samarali texnologiyalarni joriy qilishga ham ko‘maklashilmoqda.
Jamg‘arma qishloq xo‘jaligi faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi tarmoq va hududiy dasturlarni, loyihalarni hamda tadbirlarni amalga oshirishda ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, jamg‘arma tomonidan o‘tgan 6-yil davomida 119 mingdan ortiq tomorqa yer egasi va tadbirkorga 2 trillion 270 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Misol uchun, joriy yilning o‘tgan davrida 7 mingdan ortiq tashabbuskorga 217,2 milliard so‘m imtiyozli kredit sifatida ajratildi.
– Ajratilgan mablag‘lar evaziga aholi tomorqalarida 61 ming gektardan ortiq 1-2 sotixli ixcham issiqxonalar tashkil etildi, – deydi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mutaxassisi Salohiddin Usmonov. –Shuningdek, 340 ming boshdan ortiq chorva, 1 million boshdan ortiq zotdor parranda, 43 mingdan ortiq asalari uyasi, 68 mingdan ortiq motokultivator xarid qilinib, 42 ming nafardan ortiq tomorqachi doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlandi.
Aholi xonadonlariga bir vaqtning o‘zida 12 ta turdagi xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan “tomorqachilik klasterlari” soni 75 taga yetkazildi. Shuningdek, yurtimiz bo‘ylab tashkil etilgan 3 ming 526 ta “Tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan 678 mingdan ortiq xonadonga xizmat ko‘rsatilmoqda.
Misol uchun, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ustav fondini shakllantirish yo‘li bilan Toshkent viloyatida ochilgan "Yangiyo‘l – Markaziy tomorqa xizmati" MCHJ va "Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi tomorqa xizmati" MCHJlarga 14 milliard 288 million 747 ming so‘m miqdorida resurs ajratilgan. Buning evaziga aholining dehqonchilik borasida ilmiy salohiyatini oshirish hamda tomorqadan unumli foydalanishida ko‘mak berish maqsadida namunaviy uychalar va o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.
Bu esa aholining yerdan unumli foydalanish borasidagi amaliy va nazariy bilimlarini yanada oshirishda qo‘l kelmoqda.
Ajratilayotgan mablag‘lar evaziga va amaliy uchrashuvlar samarasida hududlarda 40 dan ortiq zamonaviy issiqxona ishga tushirildi va yiliga uch marotabagacha hosil olish tajribasi ommalashtirildi. Shuningdek, bozorlarimizga xavfsiz va hamyonbop mahsulotlar chiqarish, bog‘dorchilik, chorvachilik, baliqchilik kabi yo‘nalishlarda ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Nilufar Bozorova,
O‘zA muxbiri