Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqa yer egalari qo‘llab-quvvatlanmoqda
14:06 / 2023-03-31

Mamlakatimizda agrar soha, jumladan, tomorqachilikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilmoqda. Prezidentimizning 2023 yil 31 yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshiradi.

Jumladan, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi imkoniyatlar berilmoqda. bugungi kunda yurtimizda 3 mingdan ortiq “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyat olib bormoqda. Bu korxonalar agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish va aholi tomorqalarida mahsulotlarni yetishtirish uchun zarur texnikalarni yetkazib berish, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olish, qayta ishlash, shu bilan birgalikda eksport qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

 2022 yilda “Tomorqa xizmati” MCHJlar tomonidan 60 million AQSH dollari miqdorida tomorqada yetishtirilgan mahsulotlar xorijga eksport qilingan. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan bugungi kunga qadar “Tomorqa xizmati” MCHJlarni moliyalashtirish uchun 340 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. Ushbu mablag‘lar ko‘chatchilik issiqxonasi, qishloq xo‘jaligi texnikalari, yuk saqlash omborxonasi, sovitkichli omborxona, urug‘, ko‘chat, o‘g‘it, kimyoviy vositalar do‘koni, ixcham issiqxonalar qurish sexi, mevani quritish va qayta ishlash sexi, inkubator, sun’iy qochirish punkti kabi yo‘nalishlarda foydalanilgan.  

Xususan, jamg‘arma tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “Tomorqa xizmati” MCHJlar tomonidan 45 ming tonna sig‘imga ega muzlatgich omborlari hamda bir oylik quvvati 50 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlashga mo‘ljallangan qayta ishlash sexlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tomorqalarda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun jamg‘arma tomonidan xorijdan tomorqada ishlashga mo‘ljallangan 800 dan ortiq minitexnika va asbob-uskunalar fuqarolar hamda “Tomorqa xizmati” MCHJlarga yetkazib berildi.  

Inomjon Jaynarov,

Ma’rufjon O‘rozov,

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini

qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mutaxassislari

O‘zA