Mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida xalqimizning an’anaviy turmush tarziga aylanib ketgan tomorqachilikni qo‘llab-quvvatlashga ham e’tibor berilmoqda.
Shu maqsadda bundan qariyb besh yil oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 apreldagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzurida alohida Jamg‘arma tuzilgan edi.
bugungi kunda Jamg‘arma tomonidan fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” MCHJ, qishloq xo‘jaligi kooperativlari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bundan tashqari, kredit resurslaridan foydalanishni kengaytirish, sohada innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, yangi turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni rag‘batlantirish, qishloq xo‘jaligida yangi samarali texnologiyalarni joriy qilishga ham ko‘maklashilmoqda.
Jamg‘arma qishloq xo‘jaligi faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi davlat, tarmoq va hududiy dasturlarni, loyihalar, tadbirlarni amalga oshirishda ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, 5 yil davomida 48 mingdan ortiq tomorqa yer egalari va tadbirkorlar jami 1 trillion 384 milliard so‘mdan ortiq moliyaviy qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa, birgina 2022 yilda 18 mingdan ortiq tashabbuskorlarga 618,7 milliard so‘m mablag‘lar imtiyozli kredit sifatida ajratilgan.
Tomorqa yer egalariga ajratilgan mablag‘lar evaziga 4546 ta xonadonda jami 81,6 gektar maydonda issiqxona tashkil etildi. 6448 ta xonadonda 62800 dan ortiq zotdor qo‘y, yana 1174 ta xonadonda 3804 ta qoramol, 2200 ta xonadonda 425 mingdan ortiq parranda, 620 ta xonadonda 11200 dan ortiq asalari qutilari, 212 ta xonadonda 10,9 mingdan ortiq quyon, 415 ta fuqaro tomonidan salkam 700 ta motokultivator sotib olingan.
Shuningdek, 865 nafar tomorqa yer egasi tomonidan 19,5 milliard so‘mlik ko‘chat va urug‘lar sotib olingan bo‘lsa, 145 nafar tomorqa yer egasi bog‘ va tokzor tashkil etish uchun 3,6 milliard so‘mlik kredit olgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida yakunlangan yilda jami 16 mingdan ortiq yangi doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilishiga erishilgan.
Albatta, maqsadimiz yurtimizda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va bu orqali xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdir.
Ma’rufjon O‘rozov,
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bosh mutaxassisi.
O‘zA