Buxoro viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan aholining shaxsiy ekin maydonlaridan samarali foydalanayotgani, bu boradagi tashabbus va to‘plangan tajribalari o‘rganilmoqda.
Ishchi guruhning navbatdagi manzili Kogon va Jondor tumanlari bo‘ldi. Kogon tumanidagi 20 ming 928 ta xonadon ixtiyorida jami 2 ming 500 gektardan ortiq ekin maydoni mavjud. Ayni paytda tumanda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, Sarayon qishlog‘ida istiqomat qiluvchi “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni sohibi Sayid Narziyevning yerdan foydalanish tajribasi ishchi guruh tomonidan yuqori baholandi. Ayniqsa, uning qulupnay yetishtirish sirlarini puxta o‘zlashtirgani oilasi uchun mo‘may daromad keltirmoqda.

– Nafaqat qulupnay yetishtiramiz, balki uning ko‘chatini ham tayyorlaymiz, – deydi tomorqa egasi Sayid Narziyev. – Chindan ham aholining tomorqa yeridan doimiy va qo‘shimcha daromad olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Agar tomorqa egalari astoydil mehnat qilsa, albatta ham o‘zining, ham bozorlarning to‘kinligiga xizmat qiladi.
Jondor tumanidagi Iftixor qishlog‘ida yashovchi Shohrux Jo‘rayev ham yosh bo‘lishiga qaramay bunday imkoniyatdan samarali foydalanmoqda. U uch yildan buyon issiqxona sharoitida bodringdan yuqori hosil olmoqda.
Yer tilini, ishning ko‘zini biladigan tomorqa egasi kelgusida yangi loyihalar ustida ish olib borishni rejalashtirmoqda. Bunda oila a’zolari unga yaqin ko‘makchi bo‘lyapti.
– Kelajakda gidroponika usulida qulupnay va pomidor yetishtirishni rejalashtiryapman, – deydi Shohrux Jo‘rayev. – Oila a’zolarim bilan birga mehnat qilib kam bo‘layotganimiz yo‘q. Izlanishlarim besamar ketmayapti.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan olib borilayotgan o‘rganishlar jarayonida mutaxassislarning yer egalariga berayotgan maslahat va amaliy yordamlari yerdan unumli foydalanishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri