Prezident tashrifidan so‘ng...
Bugun urug‘ni yerga qadab, hosilning cho‘g‘ini kutib o‘tirishning o‘zi kamlik qiladi. Mavzu yuzasidan maqola tayyorlash jarayonida bir holat e’tiborimizni tortdi. Aytaylik, qo‘shnilarda olti sotixdan tomorqa bor. Yer va mehnat bir xil, ammo olinadigan hosil hamda daromad keskin farq qiladi.
An’anaviy dehqonchilik tajribasi bugungi kun talablariga to‘liq javob bermay qo‘ydi. Dunyo agrosanoati tez sur’atlarda o‘zgarmoqda. Mahsulot yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, bozorga chiqarish bir zanjirga aylandi.
Tomorqa egalari esa ana shu zanjirning har bo‘g‘inida zamonaviy bilimga ega bo‘lmasa, yillar davomidagi mehnati kutilgan samarani bermasligi tabiiy.
Bugungi kunda agrotadbir faqatgina ketmon va mehnat bilan baholanmaydi. Bu aniq hisob-kitob, fan, texnologiya va bozor tahlili asosida yuritiladigan yo‘nalishga aylandi.
[gallery-28067]
Tomorqani ro‘zg‘or uchun bir-ikki turdagi mahsulot yetishtiriladigan maydon deb qarash eski tasavvurdir. Har qarich yerda foyda, qo‘shimcha qiymat, turli mavsumda bozorga chiqish imkoniyati yotadi. Shu bois tomorqani ilmiy yondashuvsiz boshqarish imkoniyatlarni yo‘qotish bilan barobar sanaladi.
“Prezident tashrifidan so‘ng...” ruknida bu gal va aynan tomorqa madaniyatini yangi bosqichga olib chiqish haqida to‘xtalamiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi” faoliyati bilan tanishgani bejiz emas. Bu maktab hududlar yangi avlod dehqonchiligini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Tashkil etilgan agrar ta’lim maydoni viloyatning iqlim imkoniyatlariga to‘la mos. Aholining tomorqalardan samarali foydalanishi, serdaromad ekin turlarini joriy etishi, mahsulotni saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini o‘rganishiga keng sharoit yaratilgan.
Eng muhim jihati, bu yerda ishsiz yoki kam ta’minlangan oilalarga barqaror daromad manbai yaratish bo‘yicha tizimli yondashuv ishlamoqda. Dehqonchilikning ilmiy asoslari, yuqori daromadli mahsulot yetishtirish, sug‘orish texnologiyalari, issiqxona xo‘jaligi amaliy tarzda o‘rgatiladi.
Muassasada 3 gektar issiqxona, 3 gektar tajriba maydoni, zamonaviy o‘quv korpusi mavjud.
– Surxondaryo kabi quyoshli kunlar ko‘p bo‘lgan hududda issiqxonalar tarmog‘ini kengaytirish iqtisodiy jihatdan to‘liq o‘zini oqlamoqda, – deydi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Prezident tashrifi davomida bu tajribani ommalashtirish, ilm va amaliyotni yanada bog‘lash, bo‘sh yerlarni aynan shu model orqali jonlantirish bo‘yicha topshiriq berildi.Viloyatda yerdan yiliga besh martagacha hosil olish tajribaga kirib bo‘ldi. Bu tajriba o‘zini oqlayapti. Endi bu yondashuvni o‘zlashtirilayotgan yangi maydonlarda, shuningdek, foydalanilmay turgan qarovsiz yerlarda keng joriy etish zarur. Yetishtirilayotgan mahsulotlarni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymat yaratish ishlarini ham yanada kengaytirish lozim. Chunki bu turdagi mahsulotlarga ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham talab yuqori.
Hozirda bu yerdagi issiqxonalarda banan, papaya, rozmarin, lavanda kabi mahsulotlar bilan birga limon, anjir, brokkoli, bulg‘or qalampiri va xrizantema parvarishlanmoqda. Tomchilatib sug‘orish tizimi, qatorlar orasida qo‘shimcha mahsulot yetishtirish, suv tejamkor agrotexnologiyalar amaliyotga joriy qilingan.
Shu paytgacha 1 300 nafarga yaqin ishsiz va kam ta’minlangan fuqaro “Tomorqa maktabi”da o‘quvlarni tamomlab, o‘z tomorqasida yoki ijara yerlarida daromad topishni boshlagan. Hokim yordamchilari orqali yiliga 2 700 nafargacha aholi o‘qishga yo‘naltiriladi. Tinglovchilar uchun yo‘llanma vaucher orqali o‘qish xarajatlari qoplanishi ham samarasini oshirmoqda.
O‘quvlarda yuqori daromadli ekinlar ekish va bir sotix yerdan 10-15 million so‘m daromad olish metodikasi amaliy ko‘rsatiladi. Urug‘ va ko‘chatlar agrostarlar tomonidan taqdim etiladi. Yetishtirilgan mahsulot bozorga chiqishda ko‘maklashiladi.
Bu bilim va tajriba allaqachon o‘z samarasini bera boshlagan. Jarqo‘rg‘onlik Rustam Allamurodov shulardan biri. Uning tomorqasida yil davomida ochiq maydonda ikki, issiqxonada esa to‘rt marta hosil olinmoqda.
– Yerda xato kechirilmaydi, bir marta adashsangiz, butun mavsumni yutqazasiz, – deydi tomorqa egasi Rustam Allamurodov. – “Tomorqa maktabi”da tajriba to‘plab xatoni oldindan ko‘ra boshladik. Pomidor, bodring, piyoz, rediska, kartoshka ekamiz. Bular o‘z vaqtida, peshma-pesh hosilga kirib, bozorga chiqadi. Mehnatimiz samarasini, daromadni har oy ko‘rish quvonarli.
Tomorqa faqat ro‘zg‘orni ta’minlovchi maydon emas, balki kichik biznes, yangi texnologiyalar sinab ko‘riladigan “laboratoriya” ekanini anglab yetayotgan xonadonlar soni ortmoqda. “Tomorqa maktabi” esa xalqimizning dehqonchilik madaniyatini yanada oshirishga xazmat qiladigan muhim loyihalardan biri sifatida o‘zini ko‘rsatmoqda. Zero, yer mehr bilan birga ilm talab qiladi.
Ikrom AVVALBOEV,
Nosirjon HAYDAROV (surat),
O‘zA muxbirlari