Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqa – xazina manbai
08:13 / 2023-05-23

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Xontepa mahallasi aholisi 2417 nafarni tashkil etadi. Mahalla maydoni va aholi soni ham katta emas. Ammo tomorqachilik, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan. Har bir xonadon egalari tomorqadan unumli foydalanadi.

Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tuman hokimining yordamchisi Ilhom Isayevning fikricha bu tizimdagi ishlar reja asosida olib borilmoqda. Mahalladagi 504 ta xonadonning 254 tasi biogumus tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Mahsulotning asosiy xaridorlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlaridagi dehqon va fermer xo‘jaliklaridir. Ular mahalladagi biogumus tayyorlaydigan xonadonlar bilan doimiy aloqada bo‘ladi va o‘g‘it tayyor holga kelishi bilan o‘zlari olib ketadi. 

– Kasb-hunar maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlayman, – deydi Akmal Abdiyev. – Ishdan tashqari tomorqada har yili 150-200 tonnagacha biogumus tayyorlayman. Bu ko‘p mehnat va katta sarf-xarajat talab qilmaydi, daromadi esa yaxshi. Masalan, 200 tonna biogumusni eng arzon narxda sotganimizda ham 160 million so‘m bo‘ladi. Shundan 40 millionini xarajatlarga sarflasak yillik sof foyda 120 million so‘mni tashkil etadi. Bu har oyga 10 million so‘m qo‘shimcha daromad degani. Shuning ortidan ro‘zg‘orimiz but. 

Bundan tashqari, mahalla ahli tomorqada sarimsoqpiyoz, turli rezavorlar va kartoshka yetishtirishda ham tumanda yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Ayni vaqtda 300 dan ortiq oilalar ushbu faoliyat bilan band bo‘lib, yaxshi daromad olyapti. Masalan, xontepalik Ibodulla To‘rayevning 10 sotix tomorqasi bor. Ekinlarni almashlab ekish orqali yiliga yetmish million so‘mdan yuz million so‘mgacha daromad olishni uddalayapti. 

– Tomorqaga har yili sarimsoqpiyoz, piyoz va turli ko‘katlarni to‘qsonbosti usulda ekamiz, – deydi Ibodulla To‘rayev. – Aprelning boshidan ko‘katlarni, may oyida esa sarimsoqpiyoz va piyozni xaridorlarga yetkazib beramiz. Shundan so‘ng bo‘shagan yerga kartoshka va boshqa sabzavot ekinlarini ekamiz. Bundan tashqari, o‘ttizdan ortiq mevali daraxtlarimiz bor. Bu ishlarimiz o‘zimizning meva-sabzavotga bo‘lgan ehtiyojimizni qoplash bilan birga, daromad ham keltiradi. 

O‘lmas Barotov, 

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA