Buxoro viloyati Peshku tumanidagi “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Nusrat Saidovning hovlisida bo‘lgan kishida havas tuyg‘ulari jo‘sh uradi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Nusrat aka bundan qariyb o‘n yil burun tomorqasining 8 sotixida limonariy barpo etgan.
– Limonchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligimizni tashkil etib, sitrus meva yetishtirishning agrotexnik talablari, sir-sinoatini puxta o‘zlashtirdik, – deydi Nusrat Saidov. – Bir gektar maydonda limonzor barpo etdik. Ko‘chat tayyorlab, ularni hududimizdagi fermerlarga, qo‘shni mahallalardagi tomorqachilarga yetkazishni yo‘lga qo‘yganmiz. Limonni qanday parvarishlash yuzasidan yo‘l-yo‘riq ham berib, tumanda o‘nlab limonchi xo‘jaliklar paydo bo‘lishida baholi-qudrat hissamizni qo‘shdik.

Nusrat Saidov o‘z fermer xo‘jaligi negizida limonchilik maktabini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda bu issiqxona atigi 1 gektar maydonni egallaganiga qaramasdan, undan har yili barakali hosil olib kelinmoqda. O‘tgan yillar davomida qishloqda ham Nusrat Saidovga havas qilganlar bu mirishkor bog‘bon bilan ustoz-shogirdlik an’anasini yo‘lga ham qo‘ydi. Bugun hatto, qo‘shni tuman hamda viloyatlardan Peshku limonchilik maktabi dovrug‘ini eshitib kelayotganlar ham oz emas.

Tumanning Sadir qishlog‘ida yashovchi issiqxonachi tadbirkor Bahodir Badalov ayni kunda 60 sotixdan iborat issiqxonada yomg‘ir suvini bir nuqtada to‘plab foydalanish tarmog‘ini yaratgani holda, yomg‘ir suvidan 100 tonnagacha suv yig‘ib, mahsulot yetishtirishda tomchilatib sug‘orish tizimini ishga tushirib, bundan mo‘l hosil olish harakatiga tushgan. Albatta, uning oila a’zolari bu usul xo‘jalikda o‘zini oqlashiga ishonadi.


Ayni kunda Peshku tumanida 2025 yil davomida jami 12 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratish loyihalari ishlab chiqilgan. Albatta, bu sarmoya yuqoridagi kabi mahallada barqaror mahsulot yetishtirib kelayotgan peshqadam issiqxona xo‘jaliklari ish faoliyatini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni amalda qo‘llashga yo‘naltiriladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri